Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi 13-umumta`lim maktabining informatika fani o`qituvchisi Rahimjon Fozilov oyligi 1000 dollardan oshdi. Bu haqda Namangan viloyat xalq ta`limi boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko`ra, Fozilov 15 yillik pedagogik tajribaga ega bo`lib, maktabning o`zidan 7 mln so`m maosh oladi. O`z ustida tinimsiz izlanishdan charchamaydigan o`qituvchi, shuningdek, qo`shimcha o`quv kursi tashkil qilgan bo`lib, o`quvchilarga informatika va matematika fanlarini chuqur o`rgatib, oliy ta`limga tayyorlamoqda. Mingga yaqin o`quvchiga zamonaviy bilimlarni puxta o`rgatib, istiqbol sari dadil etaklayotgan mohir muallim ushbu qo`shimcha mashg`ulotdan oyiga 6 mln so`m daromad topmoqda.
"Kosonsoyning eng chekka hududida faoliyat yuritayotgan tashabbuskor o`qituvchining izlanishlari nafaqat tumandagi, balki butun viloyat miqyosidagi hamkasblariga ibrat va o`rnak", - deyiladi xabarda.






