AsosiyJamiyat

Sardor Umurzakov Osiyo taraqqiyot banki prezidenti bilan videokonferensiya tarzida muzokara o`tkazdi

'Sardor Umurzakov Osiyo taraqqiyot banki prezidenti bilan videokonferensiya tarzida muzokara o`tkazdi'ning rasmi

Joriy yilning 2 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masasugu Asakava bilan videokonferensiya tarzida muzokara o`tkazdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik va qo`shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

OTBning O`zbekiston bilan ko`p qirrali hamkorligi uzoq muddatli xarakterga egaligi hamda mamlakatda Bank ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar portfelining qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo`lib, boshqa barcha rivojlanish bo`yicha hamkorlar orasida eng yirigi ekanligi ta`kidlandi. Ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish orqali Bank O`zbekistonda dasturiy islohotlarni amalga oshirishda texnik va maslahat yordamini ham ko`rsatib kelmoqda.

Shu o`rinda OTBning O`zbekiston bilan 2019-2023 yillar uchun shakllangan hamda O`zbekistonning 2022-2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi bilan korrelyasiyaga ega Hamkorlik strategiyasining maqsad va vazifalarini amalga oshirish bo`yicha kelgusida hamkorlik qilish yo`llari muhokama qilindi. Ikkala hujjatda ham xususiy sektorni qo`llab-quvvatlash, hududiy hamkorlikni rivojlantirish, inklyuziv o`sishni rag`batlantirish orqali tengsizlikni qisqartirish va boshqa muhim sohalarga ustuvorlik berilgan.

Infratuzilmaviy rivojlanish, energetika, uy-joy kommunal xo`jaligi, sog`liqni saqlash va qishloq xo`jaligi sohalarida OTB bilan birgalikda amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 5 milliard dollarlik 29 loyihaning hozirgi holati ko`rib chiqildi. OTBning 2022-2024 yillarga mo`ljallangan mamlakatlar bilan operasiyalarning biznes-rejasi doirasida O`zbekistonda umumiy qiymati 2,8 milliard dollarga teng bo`lgan 27 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo`lib, shundan 524 million dollarlik 3 loyiha 2022 yilda hayotga joriy etiladi. Tomonlar ma`qullangan tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish va ko`rib chiqilayotgan loyihalarni kelishish bo`yicha yaqindan hamkorlik qilish to`g`risida kelishib oldilar.

Qo`shma loyihalarni tayyorlash va hayotga tatbiq etish samaradorligini yanada oshirish bo`yicha keyingi qadamlar belgilandi. Bu yo`nalishda OTB hamda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi o`rtasidagi hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi. Agentlik loyiha siklining barcha bosqichlarida, jumladan, ustuvorliklarni belgilash, loyihalash, loyihani baholash, xaridlarni amalga oshirish va loyihani hayotga joriy qilishda asosiy muvofiqlashtiruvchi bo`g`in bo`lib hisoblanadi. Agentlikning salohiyatini yanada oshirish va institusional rivojlantirish bo`yicha konsultasiyalar berish uchun ekspertlarni O`zbekistonga yuborish orqali OTB tomonidan texnik yordam ko`rsatilishiga kelishildi.

Mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida amalga oshirilayotgan loyihalarni ilgari surish borasidagi hamkorlikka alohida e`tibor qaratildi. OTB bilan birgalikda energetika sohasida keng ko`lamli loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda erishilgan yutuqlar ta`kidlandi. Xususan, hozirgi kunda O`zbekistonda quyosh energiyasini rivojlantirish bo`yicha OTBning umumiy quvvati 1 GVt teng bo`lgan alohida Dasturi faol amalga oshirilmoqda. Tomonlar ushbu sohadagi hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, suv ta`minoti, elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini modernizasiya qilish, sog`liqni saqlash va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida DXSh vositalarini joriy etishni kengaytirish imkoniyatlarini o`rganishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, OTB bilan O`zbekistonda xususiy sektor va tijorat banklari loyihalarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash, yo`l infratuzilmasini kengaytirish loyihalarini amalga oshirish, texnologiya, muhandislik va matematika sohalaridagi o`quv dasturlarini takomillashtirish orqali o`rta va kasb-hunar ta`limini rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, sog`liqni saqlash sohasini modernizasiya qilish, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot chog`ida Bank rahbariyati Toshkent xalqaro investisiya forumi va u doirasidagi tadbirlarda ishtirok etishga taklif qilindi.

Muzokaralar yakunida ikki tomon uchun ustuvor bo`lgan qator yo`nalishlarda hamkorlikni faollashtirish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.

    Boshqa yangiliklar