AsosiyJamiyat

"Elkamizda millatning ertasini tarbiyalashdek vazifamiz turgan ekan,  bu mas`uliyatni his qilmaganlarni safimizda ushlab turolmaymiz"

'"Elkamizda millatning ertasini tarbiyalashdek vazifamiz turgan ekan,  bu mas`uliyatni his qilmaganlarni safimizda ushlab turolmaymiz"'ning rasmi

Maktablar faoliyati bilan tanishish, o`qituvchilar bilan muloqot qilish, fuqarolarning muammolariga quloq tutish maqsadida Xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidov Buxoro viloyatida bo`ldi. 

Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati ma`lumotiga ko`ra, vazir dastavval Jondor tumanidagi 11- hamda 3-umumta`lim maktablari faoliyati bilan yaqindan tanishgan.

Baxtiyor Saidov 11- umumta`lim maktabida o`quvchilarning puxta bilim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko`zdan kechirdi. 

Qayd etilishicha, 2020 yilda mazkur ta`lim muassasasida “Zamin” fondi tomonidan "Umumta`lim maktablarida suv, sanitariya va gigiena" dasturi doirasida suv ta`minoti va sanitariya tizimi yaratilgan. Buning uchun maxsus quduq burg`ulanib, ichimlik suvi darajasiga qadar suv tozalash uskunasi o`rnatildi, gigiena standartlariga javob beradigan infratuzilma yaratilgan va suvni ikkilamchi tozalash tizimi tashkil etilgan. Joriy yilda viloyatning yana 15 ta maktabida ana shunday tizim yaratilishi aytiladi.

Shundan so`ng, vazir tumandagi 3-umumta`lim maktabi o`qituvchilari bilan yaqindan suhbatda bo`lib, ayni paytda ta`lim sifatini yanada yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar bilan qiziqqan.

"Ochig`ini aytaman millatning ertasini tarbiyalashdek yuksak vazifa zimmamizda turgan ekan, endi biz bu mas`uliyatni chuqur his qilmagan, anglab etmagan o`qituvchini safimizda ushlab turolmaymiz. Sababi millatning taqdiri bizning qo`limizda” — dedi u. 

Uchrashuv jarayonida Baxtiyor Saidov O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi hamda Xalq ta`limi vazirligi hamkorligida o`tkazilgan “Mening Prezidentim” mavzusidagi tanlovning respublika bosqichida faxrli 2-o`rinni qo`lga kiritgan mazkur maktabning 11-sinf o`quvchisi Jasmina To`raevani yutuq bilan tabriklagan.

    Boshqa yangiliklar