AsosiySiyosat

Favqulodda holat joriy qilinganda saylovlar o`tkazilishi cheklanmoqda — Senat

'Favqulodda holat joriy qilinganda saylovlar o`tkazilishi cheklanmoqda — Senat'ning rasmi

Bugun o`tkazilayotgan Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida “Favqulodda holat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimchalar va o`zgartish kiritish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida “Favqulodda holat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonuni senatorlar tomonidan ma`qullanib, 2021 yil dekabr oyida Prezidentimiz tomonidan imzolangan edi.

Ta`kidlanishicha, qabul qilingan Konstitusiyaviy Qonun mamlakatimizda favqulodda holat sodir bo`lganda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishda dasturil amal bo`lib xizmat qiladi.

“Favqulodda holat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimchalar va o`zgartish kiritish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni bilan 5 ta qonun va 1 ta Kodeksga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, O`zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonuniga qo`shimcha kiritilib, favqulodda holatning amal qilishi davrida favqulodda holat joriy etilgan hududda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining amaldagi qonunosti hujjatlarini to`xtatib turishning huquqiy asosi yaratilmoqda.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi va “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari to`g`risida”gi qonunlari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holatni joriy etish to`g`risidagi farmoniga asosan favqulodda holatning amal qilishi davrida favqulodda holat joriy etilgan hududda mahalliy davlat hokimiyati organlarining va fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlarining vakolatlarini to`liq yoki qisman to`xtatib turishni nazarda tutuvchi normalar bilan to`ldirilmoqda.

Senatorlar tomonidan ma`qullangan Qonunning yana bir e`tiborli jihati favqulodda holat joriy qilinganda O`zbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida favqulodda holat amal qilish davrida saylovlar o`tkazilishi cheklanmoqda.

Ushbu cheklovlar bilan bog`liq normalar O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli) saylovi to`g`risida”gi Qonuni va O`zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga kiritilmoqda.

    Boshqa yangiliklar