AsosiyJamiyat

Qarshida 23 yoshli yigit 4-qavatdan tushib ketib vafot etdi

'Qarshida 23 yoshli yigit 4-qavatdan tushib ketib vafot etdi'ning rasmi

Qarshi shahar Shodlik mahallasida joylashgan ko`p qavatli turar joylarning birida 2022 yilning 29 yanvar kuni mudhish voqea sodir bo`ldi, deya xabar bermoqda "nasafnews".

Ma`lum qilinishicha, 1999 yilda tug`ilgan 23 yoshli O. Safarov ko`p qavatli uyning 4-qavatidan pastga yiqilib, voqea joyida vafot etgan. 

Marhum yigitni taniganlar va uning yaqinlari voqea uyushtirilganini aytmoqda. Ammo yigit o`z joniga qasd qilgani haqida ham taxminlar yo`q emas.

Ma`lumotlarga ko`ra, marhum yigit bu erda rasman nikoh qurmagan ayol bilan birga ijarada yashab kelgan.

«Yaqin qo`shnilarining aytishicha voqeadan avval do`stim yashagan uyda janjal sodir bo`lgan. Har xil ovozlar eshitilgan. Lekin do`stimni o`z joniga qasd qilganiga ishonmayman.», – deydi marhumning yaqin do`sti Sh. Qayumov.

Ayni paytda marhum yiqilgan joyga tosh to`kib qo`yilgan. U bilan birga yashagan ayol esa bu uyda yashamayapti.

Marhumning onasi Dilnoza Toshevaning aytishicha, voqeaga o`g`li bilan yashab kelgan ayol ham sababchi.

«U o`g`limni boshini aylantirib olgandi. Hattoki, yaqinda tug`ilgan bolasining ham otasi o`g`lim ekanini aytdi. Ammo bu yolg`on. Ayol bir vaqtning o`zida nafaqat o`g`lim bilan balki boshqa erkaklar bilan ham uchrashib yurgan» ,- deydi Dilnoza Tosheva.

Shodlik mahallasi raisi Asadulla Imomovning aytishicha, marhum yigit bilan ijarada yashab kelgan ayol voqea sodir bo`lgan vaqtda mast holatda bo`lgan. Raisning qo`shimcha qilishicha, ayni paytda holatni Qarshi shahar prokuraturasi o`rganmoqda.

    Boshqa yangiliklar