1

Bolalarda kamqonlik qanday rivojlanishi va sabablari ma`lum qilindi

Salomatlik 05.02.2022, 11:51
Bolalarda kamqonlik qanday rivojlanishi va sabablari ma`lum qilindi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, bugungi kunda dunyoda maktabgacha yoshdagi 47,5 foiz va maktab yoshidagi 25,5 foiz bolalarda kamqonlik uchraydi. Yurtimizda ham bu kasallik kichik yoshdagi o`g`il-qizlar orasida keng tarqalgan.

Xo`sh, buning asosiy sabablari nimada? Kamqonlik bolalar salomatligi uchun qanchalik xavfli?

SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining ilmiy ishlar bo`yicha o`rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Aziza Mahmudova javob berdi.

— Bolalarda uchraydigan kamqonlik haqida ma`lumot bersangiz.

— Bugungi kunda ekologiyaning yomonlashuvi, kundalik iste`mol qilinadigan mahsulotlarda kerakli vitamin va ozuqalarning etishmasligi ko`plab kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo`lmoqda. Ulardan biri kamqonlikdir.

Bilamizki, qon tarkibida temir moddasini o`z ichiga olgan va qonga qizil tus beruvchi murakkab oqsil – gemoglobin moddasi butun tana bo`ylab kislorod tashish vazifasini bajaradi. Agar gemoglobin etishmovchiligi kuzatilsa, organizm kislorod “ochligi”ni boshdan kechiradi. Biroq bolalar bu o`zgarishlarni doim ham sezavermasligi mumkin.

Kamqonlik bilan og`rigan o`g`il-qizlar turli infeksion xastaliklarga chalinishga moyil bo`ladi. Xususan, qon tarkibida organizmning o`sishi uchun muhim bo`lgan oziq moddalar etishmasligi turli kasalliklarning rivojlanishiga yo`l ochadi. Qolaversa, bunday bolalarda kamharakatlik, vazn etishmasligi kuzatiladi.

Shu sababli ota-onalar farzandlaridagi o`zgarishlarga, ularning sog`ligiga doimo e`tiborli bo`lishlari lozim.

— Bolalarda normal gemoglabin darajasi qanday?

— Bolalardagi me`yoriy gemoglobin miqdori kattalarnikidan farq qiladi.

O`rtacha gemoglobin darajasini esa quyidagi raqamlarda ko`rishingiz mumkin:  

G/Ldagi normal gemoglobin darajasi (litr uchun gramm) yoshga bog`liq:  

•  yangi tug`ilgan chaqaloqlarda – 180 dan 240 gacha;

•  1 oydan 5 yoshgacha – 110 dan 115 gacha;

•   5 yoshdan 12 yoshgacha – 110 dan 120 gacha;

•   12 yoshdan 15 yoshgacha – 120 dan 140 gacha.

— Kamqonlikning yuzaga kelishiga qaysi omillar sabab bo`ladi?

— Bolalarda ushbu kasallik turli sabablarga ko`ra rivojlanadi. Masalan, yangi tug`ilgan chaqaloqlarda anemiya homiladorlik davridagi muammolar – qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, erta tug`ilgan bolalarda ham bu xastalik ko`p kuzatiladi.

Qolaversa, har qanday yoshdagi noto`g`ri va muvozanatsiz taomlanish anemiyaning keng tarqalgan sabablaridan biri hisoblanadi. Ya`ni, to`g`ri ovqatlanmaslik bilan organizm etarli miqdorda temir va uning so`rilishi uchun zarur bo`lgan C va B12 vitaminlarni o`zlashtira olmaydi. Natijada kamqonlik yuzaga keladi.

Bundan tashqari, to`yib ovqatlanmaslik, vitaminga boy mahsulotlarni iste`mol qilmaslik, muntazam qon ketishlar ham anemiyaning rivojlanishiga sabab bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1