Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan o`tkazilgan murakkab operasiya jarayoni lavhalari tarqaldi. Ushbu videotasvirlarda yosh yigitning baxtsiz hodisa sabab jiddiy jarohat olgani, tibbiyot xodimlari uning tanasiga kirib ketgan armatura bo`lagini murakkab jarrohlik yo`li bilan chiqarib, bemorning hayotini saqlab qolgani aks etgan.
Shu yilning 20 dekabr kuni soat 11:00 larda 2005 yilda tug`ilgan R.S. og`ir ahvolda va hushsiz holda shifoxonaga olib kelingan.
Ma`lum bo`lishicha, bemor tanasiga qurilish jarayonida ikkinchi qavatdan yiqilib tushishi oqibatida diametri 15 mm.lik ikkita armatura bo`lagi kirib ketgan. Shundan so`ng u zudlik bilan "Tez yordam" mashinasida shifoxonaga olib kelingan.
Bemorning operasiyadan oldingi MSKT holati va jarrohlik amaliyoti jarayoni.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qabul bo`limida bir qancha mutaxassislar ko`rigidan so`ng bemorning bosh miya, bo`yin, ko`krak va bel-umurtqa sohalari, ko`krak qafasi, qorin bo`shlig`i a`zolari MSKT qilingan. Shuningdek, qorin bo`shlig`i va ko`krak qafasi ultratovush tekshiruvidan o`tkazilgan.
— Metall parchasi bemor ko`krak qafasining o`ng orqa yuzasi, 7 va 9-qovurg`alari orasidan kirib, 6-ko`krak umurtqasini teshib o`tgan va orqa miya ezilishiga sabab bo`lgan, — deydi ushbu markaz direktori Doniyor Alimov. — So`ngra o`ng o`mrovosti arteriyasi tagidan o`tib, bosh suyagi miya asosining o`rta chuqurchasini teshib kirgan.
Bosh miya o`rta darajada lat egan. Bundan tashqari, o`ng chakka suyagi va orqa miyaning ochiq, teshib o`tgan jarohati, 6-ko`krak umurtqasining maydalanib sinishi kabi o`ta og`ir shikastlanishlar bemor hayotiga xavf solib turgan edi.
Shu sababli markazning kardioxirurg, neyroxirurg, torokal va umumiy jarroh, travmatolog, anesteziolog va reanimatolog kabi 10 dan ortiq eng malakali mutaxassislari tomonidan 5 soatdan ziyod vaqt davomida amaliyotda kam uchraydigan murakkab jarrohlik operasiyasi muvaffaqiyatli o`tkazildi. Natijada bemorning hayoti saqlab qolindi.
Bemorning operasiyadan keyingi holati.
— Bu baxtsiz hodisa haqida eshitganimda o`zimni yo`qotib qo`ydim. O`zimdan o`tganini o`zim bilaman. Bolamning hayotini saqlab qolgan shifokorlardan butun umr minnatdorman, — deydi bemorning onasi R.Rajabova.
Hozir uning ahvoli qoniqarli, gemodinamik ko`rsatkichlari barqaror bo`lib, muolaja jarayonlari davom ettirilmoqda.






