Turkiya Respublikasi Qishloq va o`rmon xo`jaligi vaziri Dr. Bekir Pakdemirli boshchiligidagi delegasiya Ozarbayjondan keyin O`zbekistonga keng ko`lamli tashrifni amalga oshiradi.
Qishloq va o`rmon xo`jaligi vaziri Dr. Bekir Pakdemirli boshchiligidagi 10 nafar boshqarma boshlig`i, 4 nafar boshqarma boshlig`i o`rinbosari, 9 nafar bo`lim boshlig`i, 3 nafar ekspert va 15 nafar tadbirkordan iborat 41 kishilik delegasiya Qishloq xo`jaligi ijroiya qo`mitasining III yig`ilishini hamda Qishloq xo`jaligi-biznes forumini o`tkazish uchun 2022 yilning 07-11 fevral kunlari O`zbekistonga tashrif buyuradi. Tashrif doirasida qishloq, o`rmon va suv xo`jaligi sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
Turkiya Qishloq va o`rmon xo`jaligi vaziri Dr. Bekir Pakdemirli boshchiligidagi delegasiya O`zbekistonga tashrifi doirasida Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xo`jaev, Suv xo`jaligi vaziri Shavkat Hamroev, O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi raisi Nizomiddin Bakirov, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Bahromjon Norqobilov va O`simliklar karantini davlat inspeksiyasiga rahbari Ibrohim Ergashev bilan ikki mamlakat qishloq xo`jaligidagi sohadagi aloqalarni yaxshilash maqsadida keng ko`lamli qo`shma yig`ilishlar o`tkazadi.
Ikki davlat qishloq xo`jaligi ishbilarmonlari va vazirlar ishtirokida «Qishloq xo`jaligi-biznes forumi» bo`lib o`tadi va sarmoyaviy imkoniyatlar o`rganiladi. Uchrashuvdan so`ng ikki mamlakat qishloq xo`jaligi vazirlari III yig`ilishi bayonnomasini, Harakat rejasini va TAGEM ofisini tashkil etish bo`yicha deklarasiyani imzolaydilar.
Tashrif chog`ida O`zbekiston-Turkiya urug`chilik ilmiy-tadqiqot hamda Urug`likni ro`yxatga olish va sertifikatlash markazlarini tashkil etishda O`zbekistonda fermerlarga ko`rsatilayotgan imkoniyatlar va ularni qo`llab-quvvatlash borasida Turkiya modeli bilan qiyoslanadi, O`zbekistonda qishloq xo`jaligi mahsulotlari omborlari va mahsulot narxlarini muvozanatlash maqsadida Davlat zaxiralarini boshqarish qo`mitasi tarkibiy o`zgarishlari va bu boradagi Turkiya tajribasi ko`rib chiqiladi.
Ma`lumot uchun: 25 milliard dollarlik eksport hamda 48 milliard dollarlik qishloq xo`jalik mahsuloti bilan dunyoning o`ninchi yirik qishloq xo`jaligi davlati bo`lgan Turkiya, chorvachilik bo`yicha Evropada birinchi o`rinda ekanligi bilan global qishloq xo`jalik iqtisodiyotida kuchli o`ringa ega. Shuningdek, dunyoning uchinchi yirik urug`lik banki sig`imiga ega bo`lib qishloq xo`jaligi mahsulotlari xilma-xilligi bo`yicha ham o`z o`rnini saqlab kelmoqda.
Sabzavot, meva va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish bilan shug`ullanuvchi Turkiya, ko`plab mahsulotlarda global qishloq xo`jaligi bozoriga ta`sir ko`rsatish qobiliyatiga ega etakchi davlat sifatida qishloq xo`jaligi, o`rmon va suv sohalaridagi faoliyat va tajribalarini do`st va qardosh davlatlar bilan baham ko`rishda davom etib kelmoqda.






