AsosiySiyosat

BMT Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo`yicha qo`mitasida O`zbekiston hisoboti ko`rib chiqildi

'BMT Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo`yicha qo`mitasida O`zbekiston hisoboti ko`rib chiqildi'ning rasmi

Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to`g`risidagi konvensiyasi bo`yicha O`zbekistonning Oltinchi davriy ma`ruzasini ko`rib chiqish yakunlandi, deb xabar berdi «Dunyo» AA.

O`zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo`linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy missiyasi ma`lumotida qayd etilishicha, hisobot 81-sessiyada BMT Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo`yicha qo`mitasi a`zolari tomonidan ko`rib chiqilgan.

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi hamda qator vazirlik va idoralar, huquq-tartibot idoralari va fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat delegasiya mazkur qo`mita a`zolari bilan ikki kunlik muloqot o`tkazib, Konvensiya qoidalarining mamlakatimiz tomonidan bajarilishi bo`yicha savollarga javob berdi.

Qo`mita a`zolari tomonidan «O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida»gi  qonunga kiritilgan o`zgartishlar, besh ming fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga fuqarolik berilgani, xotin-qizlarni kamsitmaslik sohasidagi davlat siyosati, gender tenglikni o`rnatish bo`yicha  islohotlar hamda 2030 yilgacha ushbu maqsadlarga to`liq  erishish strategiyasi va davlatning xotin-qizlar huquqlari sohasidagi ustuvor yo`nalishlariga yuqori baho berildi.

Oliy Majlis Senati huzuridagi Gender tenglikni ta`minlash masalalari bo`yicha komissiyaning faoliyati alohida qayd etildi.

Samarali muloqot chog`ida qo`mita a`zolari tomonidan mamlakatimizda erishilgan muvaffaqiyatlar e`tirof etilgani barobarida boshlangan islohotlarni davom ettirish zarurligi ham ta`kidlandi. O`zbekiston delegasiyasi, o`z navbatida, BMT qo`mitasi bilan Konvensiya doirasida hamkorlik qilishga sodiq ekanini yana bir bor tasdiqladi.

    Boshqa yangiliklar