Demokratiya mamlakatning xalqi oldidagi hisobdorligini, oddiy qilib aytganda xalqning hukmron kuch ekanini anglatadi. Bunday boshqaruv o`rnatilgan davlatda aholiga har bir sohada tanlov erkinligi taqdim etiladi. Fuqarolar qonuniy jihatdan o`z davlatiga rahbar saylash, so`z erkinligi muhitida yashash shuningdek, o`zi istagan diniga e`tiqod qilish yoki qilmaslik huquqiga ega bo`ladilar. O`zbekiston ham demokratik mamlakat sifatida o`z xalqiga mana shunday huquqni, jumladan, e`tiqod erkinligini kafolatlagan.
Mamlakatning Bosh Qomusi hisoblangan Konstitusiyaning 31-moddasida ham fuqarolarning e`tiqod erkinligiga ega ekani mustahkamlab qo`yilgan.
«Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e`tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e`tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo`l qo`yilmaydi.»
O`zbekistonda amalda bo`lgan diniy bag`rikenglik nafaqat demokratik hokimiyat, balki, xalqimizga xos bo`lgan mehmondo`stlik, insonparvarlik kabi fazilatlarning nishonasi va bu muhit ildizlari uzoq o`tmishga borib taqaladi. Hozir yurtimizning qay bir mahallasiga bormang, o`zbekning to`yida tojikni, qirg`izning ma`rakasida qozoqni ko`rasiz. Tashkilot, korxona, muassasalarda O`zbekistonni taraqqiy ettirishga o`zining ozmi-ko`pmi ulushini qo`shayotgan boshqa millat vakillari juda ko`p. Istiqlolning ilk davridan boshlab, rivojlanishning qiyin, murakkab sharoitida xalqimiz bilan elkama-elka, hamnafas bo`lib, mehnat qilib kelayotgan vatandoshlar uchun O`zbekiston – bag`rikeng diyorga aylandi. Davlatimiz madhiyasida «Bag`rikeng o`zbekning o`chmas iymoni» satri jaranglasa, qay bir millat vakili to`lqinlanmaydi, deysiz?
Darhaqiqat, mehmondo`stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma`nodagi bag`rikenglik o`zbek xalqining azaliy qadriyatlari ekanini isbotlaydigan dalillar tarixda ko`plab topiladi. Birgina misol, oxirgi burda nonini ham o`zga millatlarning boshpanasiz, och-yupun qolgan zurriyotiga ulashgan temirchi o`zbek Shoahmad ota jasorati haqida deyarli butun dunyo biladi.
Milliy istiqlol mafkurasining asosiy g`oyalaridan biri turli millatga, har xil ijtimoiy toifa, irq va dinga mansub kishilar va guruhlarning umumiy maqsad yo`lidagi hamjihatligi hisoblanadi. Qarashlar rang-barangligi, fikrlar xilma-xilligi, so`z erkinligi jamiyatni sog`lomlashtiruvchi, uni mustahkamlovchi o`ta muhim omil ekanligi oydinlashgan bir vaqtda ulug` bobokalonimiz Abu Nasr Forobiyning «Agar fikrlari va harakatlari jamiyat manfaatlariga xizmat qilmaydigan bo`lsa, mamlakatni bunday kishilardan tozalash kerak», degan fikrini eslatib o`tish joiz.
Millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlik o`z-o`zidan vujudga keladigan hodisa emas, balki u davlat tomonidan olib boriladigan milliy siyosat hosilasidir. Prezident Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 15 noyabrda qabul qilingan «Millatlararo munosabatlar sohasida O`zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida»gi farmoni ana shu siyosatni yanada kuchaytirish uchun zamin yaratadi. Farmonda millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do`stlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati keng ko`lamli va qamrovli ekanligi ta`kidlangan.
Ko`p millatli davlatning fuqarolari birlashsa, jipslashsa, bahamjihat bo`lsagina, davlat taraqqiyot bosqichiga chiqadi. Teng huquq, teng sharoit va qonun ustuvorligi ta`minlangan davlat, shubhasiz, dunyo hamjamiyatida o`z o`rni va nufuziga ega bo`ladi.
O`zbekistonda amalda bo`lgan barcha qonunlarda, xususan, Konstitusiyada ham fuqarolarning teng huquqliligi mustahkamlab qo`yilgan. Qonuning 8-moddasida: «O`zbekiston xalqini millatidan qat`iy nazar, O`zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi» deb belgilab qo`yilgan. Ta`kidlash joizki, diniy tenglikni ta`minlash yo`lidagi islohotlar soni tobora ortib bormoqda. Jumladan, «2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi»ning beshinchi yo`nalishi aynan diniy bag`rikenglik va millatlararo totuvlikni ta`minlash masalasiga bag`ishlangani mamlakat Prezidenti va hukumatining xalqaro hujjatlarda belgilangan umuminsoniy vazifalarga yuksak e`tibor qaratayotganining namunasidir.
Qolaversa, davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida «Ma`rifat va diniy bag`rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyusiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortgan edi. Mazkur hujjat barchaning ta`lim olish huquqini ta`minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko`maklashish, eng muhimi, bag`rikenglik va o`zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta`minlashga qaratilgani bilan e`tiborga molikdir.
Binobarin, omma uchun etnik yaqinlik va dil birligi alohida o`rin tutayotgani uchun ham yurtimizda turli millat va dinga mansub fuqarolar bir oila farzandlaridek yashab, davlat rivojiga munosib hissa qo`shib kelmoqda. O`z faoliyatini mamlakatimiz ichki siyosati bilan bog`liq holda olib borayotgan 138 ta milliy madaniy markazning O`zbekistonda millatlararo totuvlik, diniy bag`rikenglik siyosatini amalga oshirishdagi o`rni beqiyos.
Sh. Mirziyoevning 2017 yil 19 maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida«gi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi tashkil etildi. Bugun mazkur tuzilma yo`nalishga oid yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta`minlovchi davlat boshqaruvi organi sifatida o`z faoliyatini izchil davom ettirmoqda. Qo`mita O`zbekistonda yashayotgan turli millat vakillarining uchrashuv joyi, o`ziga xos «Do`stlik saroyiga» aylanib ulgurdi. Unga ajratilgan binoda milliy xalq bayramlari, festival, konsert, taniqli madaniyat arboblari bilan uchrashuvlar, seminar va konferensiyalar muntazam ravishda o`tkazib kelinmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 4-moddasida «O`zbekiston Respublikasi o`z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an`analarini hurmat qilinishini ta`minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi» — deb ta`kidlangan. Konstitusiyadagi bu qoidalarning hayotga tatbiq etilganini turli misollar bilan dalillash mumkin. Ayni paytda yurtimizda o`zga millat vakillarining milliy bayramlarini keng miqyosda nishonlash an`anasi qaror topgan. Ruslarning «Maslenitsa», bolgar xalqining «Martinitsa», armanlarning gullar bayrami — «Vardavar», polyaklarning hosil bayrami — «Dojinki», koreyslarning «Chxusok», tatar va boshqirdlarning «Sabantuy», greklarning «Oxi» singari bayramlari barcha millat vakillari ishtirokida katta tantanaga aylanib ketadi. Har yili O`zbekistonning turli hududlarida «Bizning kuchimiz — birlik va hamjihatlikda» kabi festivallar millatlararo do`stlik rishtasini yanada mustahkamlash omiliga aylanyapti. Shuningdek, «16 noyabr – xalqaro bag`rikenglik kuni» munosabati bilan joylarda ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar keng miqyosda nishonlanmoqda.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, hozirda dunyoda mavjud bo`lgan dinlarning soni 4300 dan ortiq. Shu o`rinda hatto millatlar va tillar sonidan ham ko`p bo`lgan din tushunchasining mohiyatiga to`xtalsak.
Din — bu insonning dunyo haqidagi fikrlashi, qarashlari va o`zaro munosabatiga ta`sir qiluvchi e`tiqod yoki ibodat tizimi. Insonning dini ko`pincha uning axloqiy va tarbiyaviy e`tiqodlarining asosidir.
Ko`p millatli xalq istiqomat qilayotgan O`zbekistonda diniy e`tiqod ham xilma-xil bo`lishi tabiiy hol. Millatlararo totuvlik hukm surayotgan bu davlatda diniy bag`rikenglik munosabatlari qanday? Izlanishlarimiz davomida shu mavzuda ijtimoiy so`rovnoma o`tkazdik. Unda turli millatlarga mansub bo`lgan 50 ga yaqin fuqarolardan «Diniy bag`rikenglik siz uchun nimani anglatadi?» savoliga javob oldik. So`rovnomada ijtimoiy soha vakillari, xususan, o`qituvchilar, talabalar, tadbirkorlar va uy bekalari qatnashdi. Respondentlarning aksariyati, ya`ni 70 foizi mazkur savolga javoban turli din vakillarining bir-birini hurmat qilishini tushunishini bildirdi. Ishtirokchilarning 15 foizi esa teng huquqlilik hukm surgan jamiyatda diniy bag`rikenglik bo`ladi, degan fikrni ilgari surdi. 5 foiz qatnashchi dinlar turli nizolarga sabab bo`layotganini, 5 foiz ishtirokchi esa diniy ta`limga ko`proq e`tibor qaratish kerakligini bildirdi.
O`rganish va tahlillarimiz asosida quyidagi xulosalarga kelindi, taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi:
Birinchidan, ommaviy axborot vositalarida turfa millat vakillari ahil-inoq yashayotgan O`zbekistonning baynalmilalligini ko`rsatib beruvchi ta`sirchan kontentlarni son va sifat jihatdan yaxshilash kerak.
Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda davlat rahbarining millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni ta`minlash borasida qabul qilayotgan qaror va farmonlarining mohiyatini ochib beruvchi, uni aholiga etkazuvchi markazlar faoliyatini yoritishga qaratilgan, ixtisoslashgan kanallar faoliyatini yo`lga qo`yish lozim.
Uchinchidan, diniy bag`rikenglik nima ekanini, uning mohiyati va ahamiyatini aholining har bir qatlamiga etib borishini ta`minlash uchun mahallalardagi Nuroniylar kengashi faoliyatidan unumli foydalanish maqsadga muvofiq. Pirovardida hududlardagi ijtimoiy muhit barqarorligini ta`minlashda natijalarni yaxshilashga erishish mumkin.
Xulosa o`rnida ta`kidlash joiz, O`zbekistonda hukm surayotgan tinchlik fuqarolarning dini, irqi va millatidan qat`iy nazar, inson sharaflanadigan bag`rikeng davlatchilik muhitining samarasidir. Ayni shu zaminda yuz yillar davomida dunyo madaniyatlarining katta miqyosdagi bir-birini boyitish jarayoni ro`y bergan. Shuning uchun ham bu diyor diniy bag`rikenglikning tarixiy merosxo`ri sifatida jahon hamjamiyatida e`tirof etiladi. Bugun O`zbekistonda ana shu merosni davom ettirish uchun etarlicha huquqiy asos yaratilgan. Uning ijrosini ta`minlash, ezgu tashabbuslarni ilgari surish bizning nafaqat fuqarolik, balki insoniy burchimiz hamdir.
Risolat MAXSIMOVA