1

Yaqin kelajakda O`zbekiston-Pokiston tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga etkaziladi

Iqtisodiyot 03.03.2022, 08:18
Yaqin kelajakda O`zbekiston-Pokiston tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga etkaziladi

Ikki mamlakat o`rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiyasining 7-yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Islomobod shahrida O`zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 7-yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilishga O`zbekiston tomonidan Bosh vazir o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Pokiston tomonidan Bosh vazirning savdo va investisiyalar bo`yicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud hamraislik qildi, deya xabar bermoqda vazirlik.

Yig`ilish kun tartibiga savdo-iqtisodiy, investisiyalar, transport va logistika sohasidagi hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, ta`lim, innovasiyalar, ilm-fan, axborot texnologiyalari, turizm va hududlararo aloqalar yo`nalishidagi munosabatlar kabi keng ko`lamli masalalar kiritilgan.

Tadbir o`zaro hamkorlikning turli yo`nalishlarida mavjud masalalarni har tomonlama muhokama qilish uchun o`ziga xos maydon vazifasini bajarib, o`zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishning istiqbolli yo`nalishlarini aniqlash hamda ularning har biri bo`yicha amaliy hamkorlikni yo`lga qo`yish borasida keyingi qadamlarni belgilash imkonini bergani aytiladi.

Tomonlar ikki mamlakat o`rtasida Imtiyozli savdo to`g`risidagi bitim yuzasidan kelishish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini mamnuniyat bilan qayd etishgan Hujjat imzolanganidan keyin uni amalga oshirish uchun qo`shma “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqish bo`yicha yakdil fikrga kelingan. Shuningdek, yaqin kelajakda O`zbekiston-Pokiston tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga etkazish maqsadida o`zaro savdoning mavjud salohiyatidan foydalanish bo`yicha faol ish olib borishga kelishilgani ma`lum qilindi

Ikki mamlakat tadbirkorlari o`rtasida sanoat kooperasiyasini chuqurlashtirish chora-tadbirlari ko`rib chiqildi. O`zbekiston va Pokiston o`rtasida 2022 yilga mo`ljallangan sanoat kooperasiyasi dasturini birgalikda ishlab chiqishga o`zaro tayyorlik bildirildi. Unga qishloq xo`jaligi, qishloq xo`jaligi mashinasozligi, engil, farmasevtika va elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda aniq loyihalar, shuningdek, ushbu loyihalarning tashabbuskorlari va amalga oshirish muddatlari haqida ma`lumotlar kiritiladi.

 Shu maqsadda O`zbekiston Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan Pokiston Savdo vazirligi o`rtasida qo`shma loyiha ofisini tashkil qilish taklif etilgan. 

"Shuningdek, tomonlar turli sohalardagi yutuqlarni namoyish etish va qo`shma loyihalarni amalga oshirishga ikki mamlakat tadbirkorlarini jalb qilish maqsadida O`zbekiston va Pokistonda muntazam ravishda sanoat tarmoq ko`rgazmalarini o`tkazish amaliyotini yo`lga qo`yishga kelishib oldilar",-deyiladi xabarda.

Shuningdek, tadbir doirasida ikki mamlakatning oliy o`quv yurtlari, texnoparklar, ilmiy markazlari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va biznes-inkubatorlari o`rtasida aloqalarni o`rnatish, ikki tomonlama turizmni rivojlantirish hamda hududiy o`sish, raqamli iqtisodiyot, arxitektura, urbanizasiya va infratuzilmaviy rivojlanish sohalarida tajriba almashishni nazarda tutgan holda hududlararo hamkorlik masalalari ko`rib chiqilgan.

Yig`ilish yakunida tadbirda erishilgan barcha kelishuvlarni aks ettiruvchi tegishli bayonnoma imzolangani aytiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1