Avvalroq, Markaziy bank asosiy stavkani 3 foiz bandga oshirib, yillik 17 foiz darajasida belgilash to`g`risida qaror qabul qilingani haqida xabar bergan edik.
MB ning xabar berishicha, yuzaga kelgan vaziyatda Markaziy bank ichki narxlar keskin o`sishining oldini olish, to`lov tizimi uzluksizligi va moliyaviy barqarorlikni ta`minlash maqsadida barcha zaruriy choralarni ko`rib boradi.
Tashqi iqtisodiy sharoitlar.
Asosiy savdo-hamkor davlatlarda kuzatilayotgan iqtisodiy vaziyat, ularning valyuta kurslaridagi keskin tebranishlar, jahon xomashyo va energiya bozorlarida narxlarning o`sishi makroiqtisodiy jihatdan noaniqliklar va xatarlarni oshirmoqda.
Aholi va tadbirkorlik sub`ektlari orasida o`tkazilgan so`rovlar ularning devalvasion kutilmalarida sezilarli o`sish kuzatilayotganligini ko`rsatmoqda.
Ayni paytda mazkur omillar turli kanallar orqali ichki makroiqtisodiy barqarorlikka qisqa va o`rta muddatli istiqbolda salbiy ta`sir ko`rsatadi.
Bunda qisqa muddatli ta`sirlar eksportdan tushumlar va mamlakatimizga pul o`tkazmalari hajmining kamayishi hisobiga ichki valyuta bozorida taklifning qisqarishida, import qilinadigan iste`mol tovarlari narxining qimmatlashishi orqali ichki narxlarning o`zgarishida namoyon bo`lsa, o`rta muddatli ta`sirlar tashqi va ichki talabning qisqarishi hisobiga iqtisodiy o`sish ko`rsatkichlariga tegishli bosim ko`rsatadi.
Makroiqtisodiy va tarkibiy islohotlar borasida 2022-2023 yillarga mo`ljallangan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi ushbu salbiy ta`sirlarni yumshatish imkonini beradi.
Umuman olganda milliy valyuta kursi dinamikasida tashqi xatarlar va devalvasion bosimlar ta`sirlariga javoban to`g`rilanish kuzatilib, joriy yil boshidan so`mning AQSh dollariga nisbatan kursi 6,8 foizga qadrsizlandi.
Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, Markaziy bank almashuv kursining keskin tebranishlarining oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini ta`minlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida “neytrallik tamoyillari” doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalar hajmini oshirdi.
Mazkur intervensiyalar o`tgan yilda valyuta bozoridagi ijobiy sharoitlar natijasida yuzaga kelgan qo`shimcha zaxiralar hisobidan amalga oshirilmoqda.
Kelgusida bozorda barqarorlikni ta`minlash maqsadida tegishli invervensiyalar amalga oshirilib, milliy valyuta kursining keskin tebranishlarining oldini olish choralari ko`riladi. Bugungi asosiy stavkani oshirilishi ham yuzaga kelayotgan qisqa muddatli salbiy ta`sirlarni (shoklarni) yumshatishga qaratilgan.
Ichki narxlar dinamikasi va inflyasion kutilmalar. Kuzatuvlarga ko`ra, respublika hududlarida mart oyining birinchi yarmida eng ko`p iste`mol qilinadigan tovarlar narxlari – 0,6 foizga oshdi. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,4 foizga va xizmatlar 0,2 foizga o`sgan.
2022 yil fevral oyi so`rovlari natijalariga ko`ra, kelgusi 12 oy uchun aholining inflyasion kutilmalari 14,0 foizni tashkil etdi. Tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari esa o`tgan oyga nisbatan 0,3 foiz bandga ortib, 14,6 foizgacha oshdi.
Jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxlarining sezilarli darajada o`sayotganligi, tashqi taklifning qisqarishi va geografik jihatdan o`zgarishi, iste`mol tovarlari importida logistika bilan bog`liq masalalar yil so`ngiga qadar ichki narxlarga qo`shimcha bosimni yuzaga keltirish ehtimollari oshmoqda.
Bu borada Hukumat bilan birgalikda ichki bozorda mahsulotlar taklifini ko`paytirib borish, logistika bilan bog`liq masalalarni hal etish, muqobil import yo`nalishlari orqali iste`mol tovarlariga bo`lgan talabni qondirish va yuzaga kelishi mumkin bo`lgan uzulishlarni bartaraf etish bo`yicha choralar ko`rib boriladi.
Shuningdek, asosiy stavkani oshirish va valyuta bozorini barqarorlashtirish bo`yicha kurilayotgan javob choralari kelgusida inflyasion kutilmalarni jilovlash va aholining milliy valyutadagi daromadlari xarid qobilyatini saqlab qolishga ham xizmat qiladi.
Pul-kredit sharoitlari. 2022 yilning dastlabki 2 oyida banklararo pul bozoridagi amaliyotlar bo`yicha o`rtacha foiz stavkalari 13,1 foiz atrofida shakllanib, iqtisodiyotda “nisbatan qat`iy” pul-kredit sharoitlarini ta`minlashga xizmat qildi.
Banklar tomonidan milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo`yicha taklif etilayotgan o`rtacha tortilgan foiz stavkalari fevral oyida jismoniy shaxslar uchun 20,4 foizni, yuridik shaxslar uchun 15,5 foizni tashkil etib, mos ravishda inflyasion kutilmalarga nisbatan ham ijobiy tafovut saqlanib qolmoqda.
Pul-kredit sharoitlarini qat`iylashtirish bo`yicha joriy qaror iqtisodiyotda real foiz stavkalarni saqlab qolish orqali milliy valyutadagi aktivlar daromadliligini va bank tizimida muddatli depozitlarning o`suvchi dinamikaga qaytishini ta`minlashga qaratilgan.
Moliyaviy barqarorlik. Tijorat banklarining mavjud tashqi moliyaviy majburiyatlarini bajarish bilan bog`liq xatarlarning bank tizimi likvidliligiga ta`siri bo`yicha dastlabki stress-testlar o`tkazildi.
Olingan natijalariga ko`ra, xatarli ssenariy sharoitlarida ham mahalliy banklarning likvid mablag`larida ma`lum bir darajada pasayishlar kuzatilsada, etarli miqdorda likvidlilik buferlarining mavjudligi hisobiga minimal talablardan kamayib ketish holatlari yuzaga kelmaydi.
Tijorat banklari aholi va tadbirkorlarning talablari bo`yicha to`lovlarni amalga oshirish va boshqa majburiyatlarni o`z vaqtida va to`liq bajarishlari uchun etarli likvidlik va moliyaviy zaxiralarga ega.
Banklarda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan masalalarni aniqlash va ular bo`yicha echimlar ishlab chiqish bo`yicha Markaziy bankda ishchi guruhi tashkil etilib, banklar bilan doimiy operativ muloqot kanallari yo`lga qo`yildi.
Tashqi xatarlarni minimallashtirish bo`yicha ko`rilayotgan qo`shimcha choralar
Bank tizimini zaruriy likvidlik bilan ta`minlash maqsadida tijorat banklariga Markaziy bank tomonidan qisqa muddatli likvidlik cheklovlarsiz (REPO va SVOP operasiyalari orqali) taqdim etib boriladi.
Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqariladigan qisqa muddatli obligasiyalar oylik o`rtacha qoldig`i bo`yicha limitlar 20 trln. so`mgacha oshirildi.
Tijorat banklariga joriy yilning 1 iyuliga qadar:
- chakana operasiyalar bo`yicha valyuta kurslarini belgilashda valyuta birjasida koll auksion natijasida shakllangan valyuta kursidan foydalanish imkoniyati berildi;
- tijorat banklari tomonidan auksionlarda xarid qilinadigan Markaziy bank obligasiyalari bo`yicha foiz stavkalari darajasi asosiy stavkaning yuqori chegarasigacha kengaytirildi;
- ikki haftalik depozit auksionlari bo`yicha limitlar bekor qilindi.
Shu bilan birgalikda, Markaziy bank tomonidan makroiqtisodiy rivojlanish prognozi tashqi iqtisodiy vaziyatni inobatga olib qayta ko`rib chiqilmoqda. Bunda, inflyasion va devalvasion kutilmalarning pasayishi, ichki makroiqtisodiy sharoitlarga tashqi bosimlarning pasayishi bilan asosiy stavka darajasi bosqichma-bosqich pasaytirib boriladi.
Asosiy stavkani ko`rib chiqish bo`yicha Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi yig`ilishi 2022 yil 21 aprel kuniga belgilangan.






