1

Markaziy Bank raisi dollar kursi  keskin ko`tarilayotganiga izoh berdi

Iqtisodiyot 18.03.2022, 09:16
Markaziy Bank raisi dollar kursi  keskin ko`tarilayotganiga izoh berdi

Ayni kunlarda dollar kursi sezilarli darajada o`smoqda. Bu o`z-o`zidan inflyasiyani va devalvasiya xavfini kuchaytiradi. Markaziy bank raisi Mamrizo Nurmurodov bularning oldini olish bo`yicha qanday choralar amalga oshirilayotganini ma`lum qildi.

Ta`kidlanishicha, milliy valyuta kursi dinamikasida tashqi xatarlar va devalvasion bosimlar ta`sirlariga javoban to`g`rilanish kuzatilmoqda, joriy yil boshidan so`mning AQSh dollariga nisbatan kursi 6,8 foizga qadrsizlandi.

"So`m almashuv kursining keskin tebranishlarini yumshatish va ichki valyuta bozorining barqaror faoliyat yuritishini ta`minlash maqsadida Markaziy bankning intervensiyalari hajmi sezilarli darajada oshirildi.

Shuningdek, iqtisodiyot sub`ektlarining devalvasion va inflyasion kutilmalar o`sishini oldini olish, milliy valyutada jamg`arish faolligini saqlab qolish va tashqi xatarlarning iqtisodiyotimizga o`tuvchi ta`sirini yumshatish orqali mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta`minlash maqsadida Markaziy bank Boshqaruvining bugungi qarori bilan asosiy stavka yillik 17 foizgacha oshirildi",-deydi u.

Qayd etilishicha,  boshqaruv qarori bilan pul-kredit siyosati instrumentlariga bir qator o`zgartirishlar kiritildi. Ushbu choralar bank tizimidagi likvidlikni samarali tartibga solishga va milliy valyutadagi aktivlar jozibadorligini oshirishga xizmat qilib, inflyasiyaga monetar va devalvasion omillar tomonidan bo`ladigan bosimlarni kamaytirishi aytiladi.

Shu bilan birga, Normurodov Hukumat bilan birgalikda ichki bozorda asosiy iste`mol tovarlari taklifini ko`paytirib borish, logistika bilan bog`liq masalalarni hal etish, muqobil import yo`nalishlari orqali iste`mol tovarlariga bo`lgan talabni qondirish va yuzaga kelishi mumkin bo`lgan uzilishlarni bartaraf etish bo`yicha choralar ko`rib borilayotganini aytmoqda.

"Ushbu choralar milliy valyuta kursining keskin tebranishlarini oldini olish, yuzaga kelayotgan qisqa muddatli salbiy ta`sirlarni (shoklarni) yumshatishga qaratilgan bo`lib, iqtisodiyot sub`ektlarining inflyasion, devalvasion va umumiy makroiqtisodiy kutilmalariga ta`siri orqali vaziyatning barqarorlashishiga xizmat qiladi",-deydi Markaziy bank raisi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1