1

“O`zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi ishlab chiqarish holatini o`rganish maqsadida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida bo`ldi (Foto)

Iqtisodiyot 23.03.2022, 18:54
“O`zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi ishlab chiqarish holatini o`rganish maqsadida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida bo`ldi (Foto)

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan neft va gaz sanoatining moliyaviy barqarorligini oshirish borasida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida "O`zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi “Ishchi guruh” Buxoro viloyatida bo`ldi.

“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi va korxona rahbariyati, mutaxassislari bilan uchrashib, Zavoddagi holatni o`rgandi. Zavodning 2022 yildagi ishlab chiqarish va moliyaviy-iqtisodiy ko`rsatkichlariga oid asosiy masalalar muhokama etildi.

Tashrif davomida “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi bayram kunlarida barcha soha ob`ektlarining ishonchli ishlashini ta`minlash, ishlab chiqarish jarayonlari holatini doimiy nazorat qilib borish zarurligini ta`kidladi.

“Xavfsizlik masalalariga alohida e`tibor qaratish, ob`ektlarni qo`riqlash choralarini kuchaytirish va xavfsizlik texnikasi mehnatni muhofaza qilish, yong`in xavfsizligi va harakat xavfsizligi talablariga qat`iy rioya qilishni ta`minlash kerak. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholini neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta`minlash asosiy vazifadir”, – dedi Boshqaruvi raisi.

O`z navbatida, Buxoro NQIZ direktori Akbar Fazilov korxonada rahbarlar navbatchiligi, tezkor otryadlarning kechayu kunduz navbatchiligi, bayram kunlarida uzluksiz ishlash uchun moddiy-texnik resurslar zaxirasi, avtotransport vositalari tashkil etilgani, zarur vositalar yaratilganligi borasida hisobot berdi.

Ta`kidlash kerakki, iste`molchilarga neft mahsulotlari etkazib berish to`liq hajmda amalga oshirilmoqda, energotizim ob`ektlari shtat rejimida ishlamoqda.

“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi zavodning texnologik ob`ektlarini ko`zdan kechirdi, o`z navbatida, GTL kerosini qabul qilish, saqlash va aralashtirish uchun sig`imi 5000 kub metr bo`lgan 2 ta rezervuar qurilish maydonchasida o`rganish o`tkazildi hamda qurilish-montaj ishlarining hozirgi holati joyida tahlil qilindi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislariga joriy loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish, belgilangan muddatlarda yakunlash bo`yicha zarur ko`rsatmalar berildi.

Shuningdek, Boshqaruv raisi tomonidan bayram munosabati bilan belgilangan dam olish kunlarida zavodning uzluksiz ishlashini ta`minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yuqoridagi masalalarga doir ko`rsatmalar berildi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 2020 yilda 843,9 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilib, zavodning 23 yillik tarixidagi eng yuqori ko`rsatkichga erishilgan bo`lsa, 2021 yil yakuni bilan ushbu ko`rsatkichni 874,9 ming tonnaga ko`paytirishga erishildi va rekord natija yangilandi. Zavod jamoasi 2022 yilda oldingi yillardagidan yaxshiroq natija qayd etish yo`lida uzluksiz mehnat qilishmoqda.

2022 yil 22 yanvar kuni o`tkazilgan Respublikaning toifalangan ob`ektlar o`rtasida alohida nominasiyalar bo`yicha navbatdagi tanlov natijalariga ko`ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi “Xavfsizlik talablariga rioya qilish bo`yicha eng ilg`or o`ta muhim ob`ekt” va “O`ta muhim va toifalangan ob`ektlardagi eng ilg`or Fuqaro muhofazasi tuzilmasi" nominasiyalari bo`yicha g`olib deb topilgani fikrimiz isbotidir.

Eslatib o`tamiz, “O`zbekneftgaz” AJ tomonidan neftni qayta ishlash zavodlariga zamonaviy ilg`or innovasion texnologiyalar, yuqori samarali uskunalar, yangi materiallar, shu jumladan yangi katalizatorlar, yirik investisiya loyihalarini jalb etish orqali neft va gaz sanoatini rivojlantirish bo`yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1