O`zbekiston Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida tashqi savdo faoliyatining bugungi holati va uni rag`batlantirish bo`yicha navbatdagi chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Investisiyalar va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig`ilishda tegishli vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirkorlar va eksportchilar muammolarini hal qilishda ularni qo`llab-quvvatlash bo`yicha olib borilayotgan ishlarning sustligi tufayli alohida rahbarlar faoliyati qattiq tanqid qilindi.
Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg`ona, Xorazm viloyatlarining tuman va shaharlari hokimlarining 31 nafar o`rinbosari, shuningdek, "O`zto`qimachiliksanoat" uyushmasi va "O`zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi kabi tarmoq birlashmalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortildi.
Yuqorida qayd etilgan rahbarlarga eksportchilar bilan viloyat, tuman, shahar va mahallalar darajasida manzilli hamkorlikni faollashtirish vazifasi qo`yildi. Eksportga yo`naltirilgan korxonalarning uzluksiz ishlashini ta`minlash, ularni ishlab chiqarish va eksport faoliyatida har tomonlama qo`llab-quvvatlash masalalariga korxonalarga biriktirilgan xodimlar tegishli idoralar rahbarlari bilan birga shaxsan javobgar ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi istiqbolli bozorlarni kashf etish hamda eksportga etkazib berish yo`nalishlarini diversifikasiya qilish uchun yangi zaxira va imkoniyatlarni aniqlash va safarbar qilish bo`yicha tizimli ishlarni davom ettirish zarurligi ta`kidlandi.
Yig`ilish yakunida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan qo`shimcha manzilli topshiriqlar berildi. Ularning o`z vaqtida bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.






