1

O`zbekiston MDH mamlakatlari orasida ko-produksiya formatidagi kinoloyihalarning eng yirik portfeliga ega mamlakat sifatida e`tirof etildi

Madaniyat 21.04.2022, 18:15
O`zbekiston MDH mamlakatlari orasida ko-produksiya formatidagi kinoloyihalarning eng yirik portfeliga ega mamlakat sifatida e`tirof etildi

MDH Ijroiya qo`mitasida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekistonning yirik kinostudiyalari rahbarlarining ishchi uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Muhokamada MDH Ijroiya qo`mitasi vakillari, kino ishlab chiqarish sohasi mutaxassislari, Hamdo`stlik mamlakatlari vazirlik va idoralari vakillari ham ishtirok etdi.

Hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar yakunlari sarhisob qilindi, shuningdek, o`zaro hamkorlik istiqbollari haqida ma`lum qilindi.

– Biz MDH mamlakatlari kinoijodkorlarini birlashtirish tashabbusini olqishlaymiz va kino mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi sa`y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan loyihalarni qo`llab-quvvatlashga tayyormiz. Ta`kidlab o`tish lozimki, umumiy gumanitar va madaniy makonni saqlab qolish Hamdo`stlikka a`zo davlatlar o`rtasidagi hamkorlikning asosiy ustuvor yo`nalishlaridan biri bo`lib qolmoqda, – dedi MDH Ijroiya qo`mitasining Gumanitar hamkorlik, umumiy siyosiy va ijtimoiy muammolar departamenti direktori Aleksey Sazonov.

Uchrashuvda ishtirok etgan kinostudiyalar o`zaro hamkorlikka yo`naltirilgan loyihalarini taqdim etdi. Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi ko-produksiya formatidagi joriy loyihalar haqida ma`lumot berdi. Ozarbayjon bilan hamkorlikdagi “Xo`ja Nasriddin”, Tojikiston bilan hamkorlikdagi “Navoiy va Jomiy” va “Ko`rinmas yulduz”, Rossiya bilan hamkorlikdagi “Pari sovg`asi”, «Baron» va “Quyosh ta`mi” hamda beshta hujjatli film, Belorus bilan hamkorlikdagi «Kazbek» va «Uzbechka», Qozog`iston bilan hamkorlikdagi «Qo`shnilar» va "Eshelonlar Sharqqa ketadi" va "Qorqut ota" loyihalari shular jumlasidan.

Shuningdek, hamkorlikda suratga olingan qator hujjatli filmlar, jumladan, O`zbekiston madaniy merosiga bag`ishlangan filmlar Rossiyaning «Kultura», «Mir» va «RTR» telekanallarida namoyish etilgani alohida ta`kidlandi. Ma`lum qilinishicha, bir nechta yangi badiiy filmlar joriy yilning may-iyun oylarida tomoshabinlar e`tiboriga havola etiladi.

Yig`ilish davomida O`zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan 13-chi Toshkent xalqaro kinofestivalining yakunlari va shu yilning sentyabr oyida o`tkaziladigan 14- festivalning rejalari haqida ma`lumot berildi.

Bunday keng ko`lamli tadbirni o`tkazishning ijobiy tajribasini inobatga olgan holda yana bir bor asosiy e`tiborni mahorat darslari, yoshlar kinoloyihalarining pitchinglari, shuningdek, “Kino 5 kunda” loyihasini o`z ichiga olgan yoshlar yo`nalishiga qaratish taklif etildi.

Joriy yilda bo`lib o`tadigan festival va an`anaga aylangan Jahon kinosi kunlari doirasida MDH mamlakatlarining kinobozorini ham tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

10 ta mamlakat vakillari 2021 yilda bo`lib o`tgan Toshkent xalqaro kinofestivalini o`tkazish bo`yicha amalga oshirilgan ishlarni yuqori darajada baholashdi va mamlakatlarda kino tadbirlarini o`tkazish namunasi sifatida qabul qilishdi.

O`zbekiston delegasiyasi shu kunlarda Toshkentda birinchi animasion filmlar festivali o`tkazilayotgani haqida ham ma`lum qildi.

Ta`kidlab o`tish lozimki, O`zbekiston, Rossiya va Qozog`iston tomonidan Bazelevs kompaniyasi bilan hamkorlikda “Xo`ja Nasriddin” animasion filmi suratga olinmoqda. Ushbu multfilmni yaratish bo`yicha memorandum Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida imzolangan.

– Ko`plab tashabbuslar va qo`shma loyihalarimizni amalga oshirishda qo`llab-quvvatlagani uchun O`zbekiston vakillariga yana bir bor minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ishoning, bizga bunday uchrashuvlar juda kerak, avval o`tkazilgan uchrashuvlar amaliy ishlarga ulanib ketmoqda. Yangi O`zbekiston kino sanoati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ko-produksiya formatida filmlar suratga olishda boshqa davlatlar uchun o`rnak bo`lmoqda. Hozirgi kunda amalga oshirilayotgan ishlarni muhtaram O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan kino sohasida olib borilayotgan islohotlarning samarasi, deb tushunamiz, – deb fikr bildirdi «Belarusfilm» kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy.

O`zbekiston Kinematografiya agentligi va MDH mamlakatlari o`rtasidagi hamkorlikning, jumladan, birgalikda kino mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish borasidagi ijobiy tajribaning shakllanganligi qayd etildi. «Tojikfilm» kinostudiyasi bosh direktori Mahmadsaid Shohiyoning aytishicha, qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha harakatlar hali hech qachon bunchalik jadal tus olmagan. "Qisqa vaqt ichida biz bir qator tashkiliy uchrashuvlar va muzokaralar o`tkazdik. Hozirda ssenariy mualliflarining birlashgan jamoasi filmlar ustida ishlamoqda".

– Xalqlarimizning milliy qahramoni haqida hikoya qiluvchi “Xo`ja Nasriddin” animasion filmini suratga olish bo`yicha O`zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda ish boshlaganimizdan xursandmiz. Samarali muloqot va hamkorlik uchun O`zbekistondan minnatdormiz, – dedi Ja`far Jabborli nomidagi «Ozarbayjonfilm» davlat kinostudiyasi direktori Nozim Guseynov.

Yig`ilish ishtirokchilari kelgusi ikki yilga mo`ljallangan yo`l xaritalarini ham taqdim etdilar. Kino sohasidagi ta`lim, kino mahsulotlarini ishlab chiqarish, festivallarni o`tkazish va mutaxassislar almashinuvi, xalqaro tadbirlarni o`tkazish, shuningdek, xalqaro festivallar va kino kunlarida ishtirok etayotgan filmlarni tarjima qilish va dublyaj ishlari bo`yicha yagona markazlashtirilgan jamg`arma tashkil etishga oid qo`shma hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha takliflar berildi.

Ishtirokchi mamlakatlar tomonidan o`z milliy telekanallarida namoyish qilish uchun o`zaro almashishi mumkin bo`lgan MDH mamlakatlari filmlarining oltin to`plamini shakllantirish bo`yicha g`oyalar ilgari surildi. Mutaxassislarning yagona axborot bazasini yaratish va ekspertlar almashinuvi, xalqaro kino bozori va kinofestivallarida hamkorlikda ishtirok etish tashabbuslari ham bildirildi.

Ishtirokchi mamlakatlarning barcha takliflari kinoloyihalarning yagona portfeli ko`rinishida shakllantiriladi, keyinchalik ular MDH Ijroiya qo`mitasi va ishtirokchi mamlakatlar hukumatlari bilan muvofiqlashtiriladi.

Eslatib o`tamiz, joriy yilning mart oyi oxirida Dushanbe shahrida bo`lib o`tgan MDH mamlakatlari va Gruziya kinostudiyalari rahbarlari kengashining kinematografiya sohasidagi hamkorlik bo`yicha IV yig`ilishi davomida Bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan MDH davlatlari va Gruziya kinostudiyalarining Xalqaro ijodiy uyushmasi tashkil etildi. Tashkilot raisi etib bir ovozdan O`zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov saylandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1