Sog`liqni saqlash vaziriligi Matbuot xizmatining ushbu savoliga tibbiyot fanlari nomzodi, dosent, Bolalar milliy tibbiyot markazi nefrologiya bo`limi shifokori Komiljon Hamzaev quyidagicha javob berdi:
— Ba`zan bola yagona buyrak bilan tug`iladi. Agar mavjud buyrak sog`lom va nuqsonsiz bo`lsa, birgina shu a`zo bilan ham bekamu ko`st hayot kechirishi mumkin. Lekin bu holatni ham ertaroq aniqlash maqsadga muvofiq.
Buning uchun o`g`il-qizlarni pediatriyada belgilangan tartibda chuqurlashtirilgan tibbiy ko`riklardan o`tkazib turish lozim.
Agar bolada bitta buyrak borligi aniqlansa va u sog`lom bo`lsa, mutaxassislar kichkintoyning kelgusida ham sog`lom hayot kechirishi uchun zarur choralarni ko`radi.
- Bola isitma qilganda,
- har xil yuqumli kasalliklarga chalinganda,
- ich ketishi sabab kuchli darajada suvsizlanish kuzatilganda,
- undagi boshqa o`tkir yoki surunkali kasalliklarni davolash chog`ida buyrakka toksik ta`sir qiluvchi dori vositasi ishlatilganda,
- bolaning ota-onasi biror bir dori vositasini shifokor maslahatisiz uning yoshiga mos kelmaydigan dozada berganda, yagona buyrakning ishdan chiqishi xafvi bor.
Oshqozon-ichak tizimi infeksiyalari buyrak etishmovchiligiga olib kelishi mumkinmi?
— Bolalar orasida oshqozon-ichak tizimi infeksiyalari bilan kasallanish tez-tez uchrab turadi.
Ushbu xastaliklarda ba`zi bolalarda tinimsiz ich ketishi va qayt qilish tufayli juda ko`p suyuqlik yo`qotiladi, natijada organizm suvsizlanib peshob ajralmay qoladi. Bu buyrak o`z faoliyatini to`xtatganining alomatidir. Mazkur holat zamonaviy tibbiyotda buyraklarning o`tkir zararlanishi, deb ataladi.
Buyraklarning o`tkir zararlanishi o`lim darajasi yuqori bo`lgan shoshilinch holat bo`lib, unga zudlik bilan yuqori malakali davo usullari qo`llanilmasa, bola hayoti xavf ostida qoladi.
Bolalar milliy tibbiyot markazi va viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazlarida buyraklarning o`tkir zararlanishiga chalingan kichik yoshli bemorlar uchun etarli darajada sun`iy buyrak apparatlari mavjud.
Biroq ba`zida zarur davo choralari ko`rilsa-da, bolalarda buyraklar ish faoliyati tiklanmasligi ham kuzatiladi. Natijada kichkintoylar hayotdan ko`z yumishi yoki ularda surunkali buyrak etishmovchiligi rivojlanishi mumkin, – deydi Komiljon Hamzaev.