AsosiyIqtisodiyot

Markaziy bank nima uchun banklar kredit berishni rad etayotganiga izoh berdi

'Markaziy bank nima uchun banklar kredit berishni rad etayotganiga izoh berdi'ning rasmi

Markaziy bankning Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga ko`plab fuqarolardan tijorat banklari tomonidan ularning kredit so`rovlari tushunarsiz sababga ko`ra rad etilayotgani yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda. 

Murojaatchilarning izohlashicha, banklar ularga “Markaziy bankning qarz oluvchilar bo`yicha “qora ro`yxat”iga (“chyorny spisok”) kirganligini va bunday ro`yxatga tushganlarga kredit berilmasligini” vaj qilib ko`rsatishmoqda.

Mazkur holat yuzasidan MB axborot xizmati tushuntirish berdi. 

Ma`lum qilinishicha, bank tizimida “qora ro`yxat” tushunchasi, umuman, kredit ajratilishi ta`qiqlangan fuqarolar bo`yicha tuzilgan “maxsus ro`yxat” yoki “ma`lumotlar bazasi” mavjud emas.

“Qora ro`yxat” tushunchasi etarli bilim va malakaga ega bo`lmagan ayrim bank xodimlari tomonidan kredit arizasini ko`rib chiqish jarayonida ilgari olingan yoki joriy krediti bo`yicha to`lovlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatlardan kechiktirib to`lagan fuqarolarga “qora ro`yxatga tushib qolgansiz” deb izoh berishi (tushuntirishi) oqibatida vujudga kelmoqda.

Ushbu holat aslida fuqaroning “kredit tarixi” ma`lumotlari bilan bog`liq bo`lib, hozirgi kunda undan barcha kredit beruvchi tashkilotlar fuqaroga kredit berishdan oldin ushbu ma`lumotlardan foydalanishmoqda.

Xo`sh, “kredit tarixi” nima va uning qanday ahamiyati bor?  

So`nggi yillarda kredit tashkilotlari (banklar va mikrokredit tashkilotlari) va hattoki ayrim tovar iste`mol krediti beruvchi savdo tashkilotlari tomonidan fuqarolarga kredit ajratish jarayonida ularning ilgari olgan qarz mablag`lari bo`yicha majburiyatlarini o`z vaqtida bajarganligi hamda joriy qarzdorliklari mavjudligiga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Fuqarolarning kredit bitimlari, ularning ijro etilishi holati, jumladan, ilgari qaysi kredit tashkilotlaridan qancha miqdorda kredit olganligi, kredit to`lovlarini o`z vaqtida to`laganligi, boshqa kreditlar uchun berilgan amaldagi kafilliklar hamda joriy kredit qarzdorliklari to`g`risidagi ma`lumotlar majmui “kredit tarixi” deb ataladi.  

Kredit tashkilotlari “kredit tarixi” ma`lumotlari asosida potensial qarz oluvchining kreditga layoqatliligini baholaydi, ya`ni qarz oluvchi olayotgan krediti bo`yicha majburiyatlarini kelgusida lozim darajada bajara olish imkoniyati, ilgari olgan kreditlari bo`yicha majburiyatlarini o`z vaqtida bajarganligi, boshqa kredit tashkilotlaridan hozirgi qarzdorligi miqdori kabi ma`lumotlarni o`rganib chiqqan holda fuqaroning kredit to`lovlarini to`lash borasida qay darajada intizomli va mas`uliyatli ekanligi to`g`risida xulosa chiqaradi.

Har bir kredit tashkiloti o`zining kreditlash tartibi talablari va kreditning qaytmaslik riskini baholash mezonlaridan kelib chiqib, potensial qarz oluvchining kredit tarixi ma`lumotlari, daromadi hamda taklif etilayotgan kredit ta`minotini tahlil qiladi va yakunda kredit ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan mustaqil qaror qabul qiladi. O`z navbatida, mazkur qarorlar turli kredit tashkilotlarida turlicha bo`lishi mumkin.

"Markaziy bankning Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati “kredit tarixi”ngiz hisobotida muddati o`tgan qarzdorlik to`g`risidagi ma`lumotlar paydo bo`lishining oldini olish uchun kredit va boshqa moliyaviy majburiyatlaringiz bo`yicha to`lovlarni o`z vaqtida to`lab borishga chaqiradi. Zero, qarz bo`yicha majburiyatlarni o`z vaqtida bajarishda ma`suliyatsizlikka yo`l qo`yish, ya`ni kredit to`lovlarini belgilangan muddatlardan kechiktirib to`lash hozircha arzimas bo`lib tuyilsa ham, kelgusida kredit tashkilotlaridan qarz olish imkoniyatini pasayishiga sabab bo`lishi mumkin", - deyiladi xabarda. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar