1

“Bugungi seriallarda suratga tushganimdan ko`ra, uyimda farzandlarimga o`z vaqtida issiq ovqatini bersam yoki birga dars qilsam, foydaliroq”. Salkam sakkiz yil deganda teatrga qaytgan Shodiya Abduqodirova bilan intervyu

Madaniyat 26.05.2022, 11:00
“Bugungi seriallarda suratga tushganimdan ko`ra, uyimda farzandlarimga o`z vaqtida issiq ovqatini bersam yoki birga dars qilsam, foydaliroq”. Salkam sakkiz yil deganda teatrga qaytgan Shodiya Abduqodirova bilan intervyu

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Shodiya Abduqodirova nafaqat o`zi va ijodiga, balki u bilan intervyu qilish istagidagi jurnalistlarga ham juda talabchan. Shu bois har safar aktrisa bilan suhbat qurish oldidan jiddiy tayyorlanaman. Uning mulohazali, o`rinli va har qanday san`atkor ham ayta olmaydigan fikrlari tomoshabinlar uchun ham qiziq. Bu galgi intervyu aktrisa faoliyat yuritadigan O`zbek Milliy akademik drama teatrida kechdi.

— Shodiya opa, salkam sakkiz yil deganda teatrga qaytdingiz. Moslashish oson bo`lmagandir?

— Bilasiz, odatda aktrisalar tomoshabinlar yodidan chiqib ketmaslik, o`z o`rnini sovitib qo`ymaslik va ijodiy jarayonda toblanib turish uchun ham tezroq ishga qaytishga harakat qiladi. Ammo men uchun oilaviy qadriyatlar hamisha ijoddan muhimroq bo`lgani bois shoshilmadim. O`g`lim va qizimga ma`naviy boylikni mendan boshqa hech kim bera olmasligini anglagan holda vaqtimni oilam, farzandlarimga bag`ishladim. Yana shunday imkoniyat bo`ldiki, etti yarim yil mobaynida o`zimga, ijodimga, hamkasblarim faoliyatiga, teatr va kino sohasidagi jarayonlarga oddiy tomoshabin sifatida chetdan nazar soldim. Teatrga qaytgach esa albatta, moslashishim qiyin kechdi. Chunki salkam sakkiz yil avvalgi teatr bilan bugungi teatr orasida katta farq bor. Nafaqat tomoshabinlarning teatrga nisbatan mehri, balki ijodkorlarning ham zavqi, e`tibori so`ngandek tuyuldi.

— Faoliyatingiz davomida asosan, rahbar yohud mag`rur ayollar qiyofasida namoyon bo`lgansiz. Ammo yaqinda sahnalashtirilgan “Arshin mal alan” spektaklida xizmatkor rolini ijro etdingiz. Sizni yangi ampulada ko`rib, iste`dodingizga yana bir marta tan berdim.

— E`tirof uchun rahmat. Onalik ta`tili davrida marhum ustoz rejissyor, O`zbekiston san`at arbobi Bahodir Yo`ldoshev “Iskandar” spektaklida bosh qahramonning onasini o`ynash uchun taklif qildi. Biroz vaqt o`tib, bizning teatr uchun sahnalashtirayotgan “Arshin mal alan”da xizmatkor Telli rolini ijro etishimni aytib qoldi. 

Qahramonim Telli juda sho`x va shaddodligi uchun Bahodir aka “Sen rollaringni ham aql, ham hissiyot bilan ijro etasan. Ammo Telli kabi rollarni o`ynashga aqling xalaqit beradi. Bu obrazni tafakkur qilmasdan, hissiyot bilan ijro et”, dedilar. Boshida biroz qiynaldim. Lekin hozir sahnada rolimni zavqlanib o`ynayman. Tomoshabinni kuldira olayotganimga ba`zan o`zim ham hayron qolaman.

Agar Bahodir aka menga ishonmaganida va qanot bo`lmaganida, “dekret”dan keyin balki bu sohadan ketgan bo`lardim. Chunki o`sha vaqtlarda teatr sohasi qaynamagan, ijod zavqi so`ngandek tuyulgandi va shu bois teatrdan ko`nglim sovigandi. Ammo ijod zavqini tuyganimdan keyin yana ketma-ket spektakllarda rollar o`ynay boshladim. Teatrimiz direktori Yodgor Sa`dievga ham rahmat aytaman. Yoshlarni master-klass olish uchun Bahodir Yo`ldoshevning teatriga jo`natgandi. Bu ko`pchilik uchun katta maktab vazifasini o`tadi.

— Sizningcha, teatr aktyorlaridagi ijod zavqining so`nishiga sabab nima? 

— O`zbek teatrlariga Bahodir Yo`ldoshev, Olimjon Salimov singari rejissyorlar kerak. Meni teatrga olib kelgan Valijon Umarov ham juda kuchli rejissyor. Afsuski, bunday kuchli rejissyorlar barmoq bilan sanarli. Bahodir aka bir suhbatimizda “Shodiya, kamida yana o`n yil O`zbekistonda teatr rejissyori bo`lmaydi. Bu muammoga echim topish uchun yigirma-o`ttiz nafar yoshlarini xorijga o`qishga yuborish kerak. Biz tashlab ketayotgan maktab afsuski, tugayapti”, degandi.

O`sha paytda zanjir vazifasini o`tashni judayam xohladim. Teatrdan butunlay ketib, pedagoglik faoliyatimni davom ettirish maqsadida San`atshunoslik institutiga tayanch doktaranturaga hujjat topshirgandim. Ammo Bahodir aka sabab teatrga qaytdim va institutda mustaqil tadqiqotchi sifatida o`qishni ma`qul ko`rdim.

— Professional aktyorlar ham seriallar va turli loyihalarga o`zini urayotgan bir paytda siz negadir ekranlarda kamnamosiz. Sabab faqat ssenariy bilan bog`liqmi?

— “Nega ko`rinmayapsiz?”, degan savolni ko`pchilikdan eshitaman. Ayniqsa, ko`cha-ko`yda ko`rgan odamlar “Nima uchun kinolarda rol o`ynamayapsiz, san`atdan nega ketdingiz?”, degan savollarni ko`p berishadi. Ularga “Men hali ham san`at olamidaman, teatrdaman. Sizlar televizorda ko`rayotgan narsalarning hammasi ham san`at emas”, deb javob qaytaraman.

Sakkiz yil ichida “Nazira”, “Sizsiz o`tmas kunlarim” kabi barmoq bilan sanarli kino va seriallarda suratga tushdim. Ssenariy va rejissyorga nisbatan talabchanligim tufayli takliflarning deyarli barchasini rad etyapman.

Bugungi seriallarda suratga tushganimdan ko`ra, uyimda farzandlarimga o`z vaqtida issiq ovqatini bersam yoki birga dars qilsam, foydaliroq. Serialda men chiqdim nima-yu, “konfet” aktrisalar chiqdi nima? Tomoshabinga farqi yo`q. To`qson foiz seriallardagi bosh qahramonlarni tanimayman. “Konfet”lar bilan elkama-elka turib rol o`ynashdan, faqat pul uchun saviyasiz loyihalarga aralashib qolishdan qo`rqaman va o`zimni olib qochaman.

Men nima sababdan teatrni hamisha birinchi o`ringa qo`yib kelganman? Chunki teatrlarda “konfet”lar yo`q. Ularni ibratxonaga kelmaganligi uchun katta rahmat aytaman. Lekin o`zlariga nisbatan ishonchi va yuragi bo`lsa, marhamat, sahnaga chiqib, rol ijro etishsin. Ammo teatrda ularni qo`llab-quvvatlaydigan, pul evaziga ovozini chiroyli qilib beradigan hamkasblar yo`q.

— Rejissyor sifatida kino olish yoki spektakl sahnalashtirish rejangizda bormi?

— Albatta, bor. Institutda magistraturani rejissyorlik bo`yicha tugatganman. Ammo hali rejissyorlik darajasiga etib kelganim yo`q, nazarimda.

— “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist” unvoniga juda erta loyiq ko`rilgansiz. O`sha vaqtda hamkasblaringiz orasida bu xushxabarni hazm qila olmaganlar ham bo`lganmi?

— “Dekret”daligimda davlat mukofotini olganman va buni sira kutmaganman. O`shanda 30 yoshda edim. To`g`ri, “Yosh qizga davlat mukofoti berilibdi, u nima ish qilib qo`ygan”, degan turli kesatiqlar bo`lgan. Kinolardagi rollarim orqali tanilgan bo`lsam-da, lekin unvon teatrdagi faoliyatim uchun berilgan. Bu dargohga 19 yoshimda kelganman. O`tgan vaqt ichida bugungi kunda taniqli bo`lgan o`nlab kino aktrisalar teatr qonun-qoidalariga chidolmay, bu erni tark etdi. 30 yoshimgacha, ya`ni tug`ruq paytigacha 55 ta spektalda rol o`ynagan bo`lsam, 30 tasida bosh qahramonni gavdalantirganman. Mukofotga loyiq ijod qilayotgan, ammo hali mukofot olmagan hamkasblarim oldida o`zimni noqulay his etaman. “Mukofotlar ham, rollar ham, bu – nasiba”, der edi Bahodir aka Yuldoshev. Hech qachon mukofotning ketidan quvgan emasman.

— San`atkorlar orasida AQSh, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarga ishlash yoki yashash uchun ketish holati ko`paymoqda. Sizda ham biror davlatda istiqomat qilish fikri tug`ilganmi hech?

— Bunday fikr bo`lmagan. Teatrga endi kelgan paytlarim mahoratli va dilbar aktrisa Kamola Umarxo`jaeva “Amerikaga ketyapman, ingliz tilini o`rganing, birga ketamiz”, degandi. Uning gapi men uchun qo`rqinchli tuyulgan va hozirgacha Vatandan olisda yashashni tasavvur qilolmayman. Chet elga borib, teatr yoki kinolarda mahoratimni oshirishni, rollarni ijro etishni judayam xohlayman. Lekin vatanparvarligim bois keta olmayman (kuladi).

— Oila a`zolaringiz va ularning qiziqishi haqida to`xtalib o`tsangiz?

— Turmush o`rtog`im qurilish sohasida faoliyat yuritadi. Kasbimni, meni to`g`ri tushunadi va qo`llab-quvvatlaydi. Qizim Maryamxon sakkiz yoshda, 2-sinfda o`qiydi. U badiiy gimnastikaga qiziqadi, bir qancha musobaqalarda qatnashib, medallarni qo`lga kiritdi. O`g`lim Ismoiljon 5 yoshda. Rus tilida yaxshi gapiradi, ingliz tilini ham o`rganyapti. Lekin o`zbek maktabida tahsil oladi. Xudoga shukr, oilam tinch.

— Suhbat uchun katta rahmat!

Mirolim ISAJONOV suhbatlashdi.
"Darakchi" gazetasi, 2022 yil 26 may, 21-son.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1