Kuni kecha, internet saytlari, telegram kanallar va ijtimoiy tarmoqlarda Kitob tumani tibbiyot birlashmasida bir guruh fuqarolar o`rtasida janjal yuz berganligi aks etgan videotasvirlar e`lon qilindi.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, 2022 yil 18 iyul kuni soat 12:48 da Kitob tumani "Samarqand" MFY hududida yashovchi, 2004 yilda tug`ilgan fuqaro T.O. turli jarohatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasi qabul-diagnostika bo`limiga olib kelingan. Bemor zudlik bilan mutaxassislar tomonidan tegishli tekshiruvlardan o`tkazilib, unga birinchi yordam ko`rsatilgan va shoshilinch tez tibbiy yordam bo`limiga yotqizilgan.
Shu bemor bilan birga tibbiyot birlashmasining travmatologiya bo`limiga "Samarqand" MFY hududida yashovchi, 1955 yilda tug`ilgan Q.R. ham jarohat olganligi sababli yotqizilgan.
Ushbu voqealardan biroz vaqt o`tib, tuman tibbiyot birlashmasi hovlisida bemor T.O. dan xabar olishga kelgan qarindoshlari hamda bemorga jarohat etkazganlikda gumonlanayotgan kishilar o`rtasida janjal yuzaga kelgan. Janjal natijasida yana bir guruh fuqarolar jarohatlangan.
Jumladan, "Samarqand" MFY hududida yashovchi, 1979 yilda tug`ilgan Q.I. va shu mahallada yashovchi, 1978 yilda tug`ilgan A.A. sanchib kesilgan turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Fuqarolar o`rtasidagi janjal shu erda hozir bo`lgan ichki ishlar xodimlari tomonidan to`xtatilgan. Jarohatlangan fuqarolarga zudlik bilan tegishli tibbiy yordamlar ko`rsatilgan.
Ayni paytda yuqorida qayd etilgan 4 nafar bemorning ahvoli qoniqarli, davolash jarayonlari davom ettirilmoqda. Hodisa oqibatida tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan boshqa bemorlar, bu erda faoliyat ko`rsatayotgan tibbiyot xodimlari va voqeaga guvoh bo`lgan boshqa fuqarolarga shikast etmagan. Holat bo`yicha huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.