1

Nuriddin Haydarovning so`nggi vasiyati nima bo`lgan? Yoxud sirli ravishda yo`qolgan qo`shiqlar...

Madaniyat 03.08.2022, 13:39
Nuriddin Haydarovning so`nggi vasiyati nima bo`lgan? Yoxud sirli ravishda yo`qolgan qo`shiqlar...

2004 yil 3 oktyabrda 1957 yilning 1 avgust sanasida tavallud topgan o`zbek estrada san`atining yulduzlaridan biri, O`zbekiston xalq artisti, muxlislar qalbiga yaqin qo`shiqlar ijrochisi Nuriddin Haydarov bu yorug` olamni tark etganligi haqidagi xabar tarqaldi. Bu mash`um xabarni eshitganlar “Nahotki, bo`lishi mumkin emas... Axir soppa-sog` yurgandi-ku?” deya taajjub va qayg`u bilan yuzlariga fotiha tortdilar. Ustozi Sherali Jo`raevning “Nimaiki yaxshi xislat bo`lsa, shu yigitda mujassam edi. Oramizdan erta ketmoqda, hali ko`p ishlar kutayotgandi uni...” degan so`zlari janozaga kelganlarning barini titratdi, go`yo. Kamtarlikni shior qilgan, odamlarga yaxshilik qilishni doimiy vazifasi deb bilgan bu insonni hamma birday yaxshi ko`rardi, desak xato qilmagan bo`lamiz. Uning ona Vatanni madh etuvchi “Men nechun sevaman O`zbekistonni?”, “O`zbekiston mushtarak” kabi qo`shiqlari istiqlolning birinchi yillaridayoq Mustaqillik madhi bo`lib yangragandi. “Do`lana”, “Arazlama”, “Aldama””, “Yur, muhabbat”  taronalarini muxlislar bugun ham sevib tinglamoqdalar.

Erka o`g`il

Juda ko`pchilik “San`atkor bo`lishimga dadam sabab, onam sabab, yoki tog`am sabab”, deyishadi. Ammo Nuriddin bunday deya olmasdi. Chunki san`atdan yiroq oddiy dehqon oilasida tug`ilgandi. Otasi Usmon akaga rubob olib bering, deb xarxasha qilganlari-yu uzoq kutganini kulib-kulib eslardi. Nihoyat, guzardagi do`konga rubob keladi va  uni o`g`liga sotib olib bergan otaning qulog`i tinchiydi. Chalishni o`rganib olgan Nuriddin o`sha paytda mashhur bo`lgan qo`shiqlarni ijro eta boshlaydi. Bu uning qo`shiq olamiga qo`ygan birinchi qadamlari edi...                                                                                                         “Ko`rinishi, muomalasi, o`zini tutishidan  muloyim bo`lib ko`ringan Nuriddin aslida juda sho`x bola bo`lgandi. To`rtta qizning ichida bittagina arzanda  o`g`il bo`lgani uchunmi, onam rahmatli uni asrab-avaylashga harakat qilardilar. Yozda “cho`milgani borma”, deb anhorgacha ketidan quvib borsalar, ko`z o`ngilarida suvga sakrab, narigi  qirg`oqqa suzib borarkan.Onajonim ko`prikdan o`tib, narigi qirg`oqqa borsalar, yana suvga sakrab bu qirg`oqqa qaytib suzarkan. Keyingina onamning oldilariga tushib, yugurib uyga qaytarkan. Shunchalar sho`x bo`lganki, og`ziga benzin olib purkardi, bir kuni bolalik qilib, benzinni shamol kelayotgan tomonga puflab, yuzi kuyib qolganiyam esimda... Ammo bitta o`g`il ekanligini hamisha his qilardi. Ota-ona, barcha yaqinlariga mehrli edi, hurmatlarini joyiga qo`yardi...” deya eslaydi xonandaning bolalik onlarini opasi O`g`iloy Mamajonova.    

“75 yoshga kirsak bo`ldi...”

Manzura Haydarova, rafiqasi: — Nuriddin aka o`lim haqida juda kam gapirardilar. Lekin bir marta menga “Etmish besh yoshga kirsak, etadi. Juda qarib qolsak, bolalarni qiynab qo`yamiz. Etmish besh yoshlik yubileyimizni o`tkazamiz-da, birgalashib ketaveramiz...” degandilar hazil aralash. Shu gaplarini ko`p eslayman. Afsus,  o`ylagan    yoshlariga etolmadilar. Hazrat Bobur yoshida — 47 da olamdan o`tdilar.                                                                                                                                              Uyga kirib kelishlari bilan xonadonimiz yorishib ketganday bo`lardi. Bolalarni, ayniqsa nabiralarini boshqacha yaxshi ko`rardilar. O`rigidan mag`izi shirin, deb bekorga aytishmagan ekan, deb qo`yardilar. Ularning ko`ngliga qarab biriga paravoz, biriga ot bo`lib berarardilar, qo`shilishib o`ynardilar. Hozir nevaralarimiz ko`payishgan, u kishi atigi uchtasini ko`rdilar. Hammasini ko`rganlarida rosa quvongan bo`lardilar, deb o`ylab qolaman. Taqdir ekan...   Nuriddin aka bilan Farg`ona Davlat Pedagogika institutida o`qib yurgan paytlarimizda tanishganmiz. Ular tarix, men matematika fakultetida o`qirdik. Oltita farzandni voyaga etkazdik, bir-birimizni tushunib yashadik. O`g`illari Hojiakbar va Jasurbeklarning kamolini ko`rish nasib etmadi. Eng katta orzularidan biri Jasurbekning jahon chempioni bo`lishini ko`rish edi...

“Diydorlariga to`ymay qoldim...”

Bekmurod Jo`raev, shogirdi: — Ustozimni hayotining so`nggi paytlarida ko`proq tushkun kayfiyatda ko`rardim. Ammo Mustaqillik bayramini “Men nechun sevaman O`zbekistonni?” qo`shig`i bilan ochib berishini eshitib, juda xursand bo`lgandi. Har kuni tayyorgarlik jarayonlarida qatnashib, ishxonaga yaxshi kayfiyatda qaytardi. Ammo yaqin qolganda yurak xuruji sabab yotib qoldi. Bu o`ttizinchi avgust, kechki soat beshlarda bo`ldi. Shu sabab Mustaqillik bayramida sahnaga ularning o`rniga men chiqdim.  Davolanayaptilar-u, va`da bergan xizmatlariga meni jo`natardilar. Muxlislariga bo`lgan hurmatni qarang, og`ir ahvolda bo`lishlariga qaramay, ularni ranjitishni istamadilar. Chunki ustozim birovning dilini og`ritgan odam emasdi, hammaning ko`nglini topishga harakat qiladigan, kamtar inson edi. Bir kuni ustozim taklif etilgan to`yga borib qaytayotganimda qo`l telefonimga qo`ng`iroq qilib vafot etganlarini aytishdi. O`sha daqiqalarni umrimning oxirigacha unutolmasam kerak. To`rt yil birga ishlagan bo`lsam-da, mehrlariga, diydorlariga to`ymay qoldim...

“Birovga hasadi yo`q edi...”

Mirzabek Xolmedov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist: — Nuriddin Haydarov olifta, poson yigit edi, chiroyli kiyinib yurishni yaxshi ko`rardi. Yaxshi iforli atirlar separdi, u kirgan davralar fayzga to`lib ketardi. Ko`p safarlarga birga borganmiz, xalq uning qo`shiqlarini yaxshi ko`rardi. Ayniqsa “Davlating borida...” degan so`zlar bilan boshlanadigan qo`shig`ini ko`p so`rashardi. Aqlli suhbatdosh edi, u bilan diniy, dunyoviy mavzularda soatlab gaplashgan odam ham zerikmasdi. Biror nojo`ya ishini ko`rmaganman, og`zidan xunuk so`z chiqqanini eshitmaganman rahmatlini. Atrofdagilarga hurmati baland, birovga hasadi yo`q inson edi. Jaholat davrida menga “Ichkilik ichmang...” deb aytardi. “Xalqni kuldirish osonmas, ilhom beradi...”mdeb o`zimni oqlaganday bo`lardim. U esa “Iste`dodli yigitsiz, san`atni maishatga aralashtirmang”, deb bergan maslahatlari qulog`imda qolgan. “Xalqlar do`stligi” saroyida konsert berganida birga ishlagandik. Bu insonning orqasidan Farg`onada juda ko`p do`stlar orttirganman.  Bugun Nuriddin Haydarov oramizda yo`q. Ammo uning muxlislari ko`ngil mulkiga aylanib qolgan qo`shiqlari yashamoqda. Aslida  san`atkorning chin baxti ham ana shunda. Allohim rahmatiga olgan bo`lsin.                  

“Birov bilan uzoq vaqt arazlashmagan...”

Jamoliddin Usmonov, jiyani va shogirdi: — 12-13 yoshdan Nuriddin akamning odamlarga muomalalari, mehrlari, hurmatlariga havas qilib, biz ham san`atkorlikni orzu qilib shogird bo`lganmiz. Doim yonlarida yurardim, xushxulq, shirinsuxan odam edi. Birov bilan janjallashib, uzoq vaqt arazlashib yurganlarini hech ko`rmaganman. Mabodo, o`rtada biror gap o`tib qolgan taqdirdayam oradan o`n- o`n besh daqiqa o`tib o`sha odam bilan hech nima bo`lmaganday kulishib, hazil-huzul qilib gaplashib ketardilar. U insonda men  O`zbekiston xalq artistiman, degan fikr yo`q edi, tanigan odammi, tanimagan odammi hammaga birday chiroyli muomala qilardilar. Oddiy mirobmi, traktorchi bilanmi gaplashganlaridayam doim  qo`llari ko`ksilarida bo`lardi. Qo`li ochiq inson edi,  yordam so`rab kelgan odamdan “Sen kimsan?” deb so`ramay qo`lidan kelgancha yordam berganiga ko`p marta o`zim guvoh bo`lganman. Hech qachon quruq qaytarmasdi. Oilaparvar, rafiqasiga hurmati baland, bolalariga mehrli ota edi. Oshna-og`aynilari ko`p edi. Bugungi kunda ijodini o`g`li Xojiakbar Haydarov davom ettirayapti. Otasini sog`ingan muxlislariga qo`shiqlarini taqdim etayapti.  

“Hammasi sirli ravishda bajarildi”

Manzura Haydarova: — Turmush o`rtog`imning so`nggi kunlarini eslasam, muxlislariga etib bormagan oxirgi qo`shiqlari yodimga keladi. Yurak xuruji bilan shifoxonaga tushib qolishlaridan avval ikkita yangi qo`shiqni yozib tayyor qilgandilar. Og`ir ahvolda yotganida “Yangi qo`shiqlarimni tuzalsam, muxlislarimga o`zim taqdim etaman. Agar tuzalmasam, ularni hech kim eshitmasin!” degan gapni aytgandi. Taqdirning hukmi shu ekan, umr yo`ldoshim bizni tashlab ketdi. Ma`rakalardan so`ng,  yozilgan ikkita qo`shiqni faqat yaqinlarimizga esdalik sifatida tarqatamiz degan niyatda studiyadan keltirilgan kassetani magnitofonga qo`ydik. Birdan kasseta chaynalib ketdi. Mo``jizani qarangki, Nuriddin akaning vasiyati so`zsiz bajarildi. So`nggi qo`shiqlarini nafaqat muxlislari, hatto yaqinlari ham eshita olishmadi. Qo`shiqning studiyadagi yozuvi ham izsiz yo`qolganiga hayron bo`laman, topilmadi...

Tuhfa Nazarova tayyorladi,
"Darakchi" gazetasi, 2022 yil 28 fevarl, 30-son

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1