Bugun, 2022 yil 9 avgust kuni, jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudida sudlanuvchi K. Sh. (1997 yilda Xorazm viloyatida tug`ilgan) ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etib, sud hukmi e`lon qilindi. Sud jarayonida “darakchi.uz” ham ishtirok etdi va sudlanuvchi bilan suhbatlashdi.
“Men u ayol bilan 2021 yilda yaqinlik qilish maqsadida tanishganman. U bilan faqat ikki marta gaplashganman, u meni va Xorazm xalqini xaqorat qildi. Juda uyatli, chidab bo`lmas so`zlar bilan so`kib, haqorat qildi. Shu sabab undan qasd olish uchun 16 mart kuni Toshkentga kelib, uyini topib, xonadoniga kirib, uni pichoq bilan o`ldirdim. Bu jinoyatni qilishdan maqsadim, pul yoki boylik undirish bo`lmagan. Haqoratlar uchun qasd olmoqchi bo`lganman”, - deydi 25 yoshli sudlanuvchi.


Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudi raisi T. Obidov raisligida ko`rib chiqildi.
Shuningdek, sudda guvoh sifatida A. Xo`jaevaning tanishi ham ishtirok etdi.

“Men u bilan avvaldan tanish bo`lganman, bir necha marta advokati ham bo`lganman. O`sha kuni aloqadan uzilib qolgach, Asalning onasi Xorazmdan telefon qilib uni topishshimni so`radi. Birinchi kuni boosam, eshik qulf edi. Uchastka nozirlariga xabar qilib, topishlarini so`radim. Ertasi kuni ertalab kelsam, IIB xodimlari kelgan. Asalning uyining eshigini buzishdi, kirish joy tartibsiz bo`lib yotgandi. Yomon hodisa sodir bo`lganini bilib, onasidan Toshkentga etib kelishini so`radi”, - dedi marhumning tanishi.
Jinoyat ishi atroflicha ko`rib chiqilgach, aybdorga so`ng so`z berildi:
” Qilgan ishimdan pushaymonman. Marhumning yaqinlaridan, O`zbekiston xalqidan, prezidentimizdan va barchangizdan kechirim so`rayman. Menga engilroq jazo berishingizni so`rayman”, - dedi sudlanuvchi.

E`lon qilingan sud hukmiga ko`ra, K. Sh. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish) 2-qismi “i” bandi va 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismi “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan asosiy jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan 16,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishi bo`yicha “Ipak Yo`li” OAITB Chilonzor filialida saqlanayotgan 10 269 000 so`m jabrlanuvchining qonuniy vakiliga qaytarilishi va sudlanuvchidan qonuniy vakil foydasiga 20 849 899 so`m qoplanmagan zarar undirilishi belgilandi.
Qonuniy vakilga etkazilgan moddiy va ma`naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.
Hukm ustidan apellyasiya shikoyati va protesti hukm e`lon qilingan kundan e`tiboran 20 sutka ichida, mahkum va fuqaroviy da`vogar tomonidan esa ularga hukmning ko`chirma nusxasi topshirilgan kundan e`tiboran shu muddat ichida Toshkent shahar sudiga berilishi mumkin.






