Toshkent shahrida gibrid formatda «ShHT Samarqand sammiti: Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, barqaror rivojlanishga qo`shilgan hissa» mavzusiga bag`ishlangan xalqaro konferensiya ish boshladi.
Tadbir O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bilan o`zaro hamkorlikda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi ko`magida tashkil etilmoqda. Tadbirda ShHTga a`zo davlatlar, shuningdek, uzoq xorijdagi qator davlatlar, jumladan, AQSh, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Vengriya va boshqa mamlakatlarning ekspert va tahliliy doiralaridan 30 dan ortiq taniqli vakillar ishtirok etmoqda.
Anjuman ishtirokchilarini O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, SMTI direktori Eldor Oripov, MOXI rahbari Anvar Nosirov, ShHT Bosh kotining o`rinbosari Grigoriy Logvinov, ShHT MATT direktori Ruslan Mirzaev qutladi.
Uchrashuvda konferensiya ishtirokchilari Samarqandda bo`lib o`tgan ShHT sammiti yakuni, tashkilot doirasida xavfsizlikni ta`minlash, savdo-iqtisodiy aloqani faollashtirish, transport-logistika tizimida o`zaro bog`liqlikni kuchaytirish, madaniy-gumanitar munosabatni mustahkamlash kabi masalalar muhokama qiladilar.
O`zbekiston Prezidenti sammit doirasidagi nutqida bildirgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo`lida Samarqand birdamlik tashabbusiga alohida e`tibor qaratiladi.
Ekspertlar mazkur tashabbusning mohiyati, ahamiyati yuzasidan atroflicha fikr almashadi, g`oyaning amaliy mazmunini boyitish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, ShHTga a`zo davlatlar rahbarlari tomonidan imzolangan konseptual hujjatlar batafsil ko`rib chiqiladi.