Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning O`zbekistonga tashrifi davomida bugun Shavkat Mirziyoev bilan avval tor doirada, keyin esa ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda yig`ilish bo`lib o`tdi.
Jarayonda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investision va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e`tibor qaratildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Ta`kidlanishicha, O`zbekiston rahbari keyingi yillarda o`zaro savdo hajmi qariyb 3 barobar ko`payganini qayd etgan. Tomonlar kelajakda ikki tomonlama tovar ayirboshlashni 500 million dollarga etkazish rejasini ro`yobga chiqarishga kelishib olishgan.
"Viktor Orban Vengriya O`zbekistonni o`zining muhim va uzoq muddatli hamkori deb hisoblashini ta`kidladi. Ushbu tashrifning boy dasturi ham o`zaro muloqotni har tomonlama rivojlantirishga intilish qat`iyligidan dalolat beradi.
Qishloq xo`jaligi, transport, farmasevtika, to`qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va sanoat sohalaridagi kooperasiyaga yangi kuchli sur`at bag`ishlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shu maqsadda hukumatlarga ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun tez fursatda qo`shma fond tuzish topshirildi",— deyiladi xabarda.
Ma`lum qilinishicha, shu bilan bir qatorda biznes-forum va ko`rgazmalar muntazam o`tkazib boriladi, imkoniyatlar maksimal darajada ishga solinadi, o`zaro manfaatli hamkorlikning barcha yo`nalishlari qamrab olinadi.
Tomonlar yaqinda o`tkazilgan biznes-forumning muvaffaqiyatli yakunlari, ya`ni qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo`lgan investisiya va savdo bitimlari imzolangani natijador hamkorlikning aniq amaliy natijasi bo`lganini mamnuniyat bilan qayd etgan.