AsosiyDunyo

Qirg`iziston KXShT tinchlikparvar kuchlari bilan mashg`ulotlarni hech qanday izohsiz bekor qildi

'Qirg`iziston KXShT tinchlikparvar kuchlari bilan mashg`ulotlarni hech qanday izohsiz bekor qildi'ning rasmi

Baliqchi shahridagi 20636-sonli harbiy qismning «Edelveys» o`quv markazida 10—14 oktyabr kunlari bo`lib o`tishi kerak bo`lgan “Buzilmas birodarlik – 2022” qo`mondonlik-shtab o`quv mashg`ulotlari Qirg`iziston Mudofaa vazirligi tomonidan bekor qilindi.

O`t ochishni to`xtatish rejimini saqlash bo`yicha ish olib borish rejalashtirilgan mashg`ulotlar 10 oktyabrda boshlanishi kerak edi.

Iyun oyida qo`shni respublika mudofaa vazirligi ushbu o`quv mashg`ulotlarini tashkil etishga tayyorgarlik boshlangani haqida xabar bergan edi. Ikkinchi shtab muzokaralari KXShT tinchlikparvar kuchlari bilan “Buzilmas birodarlik – 2022” qo`mondonlik-shtab o`quv mashg`ulotlarini o`tkazishga tayyorgarlik ko`rish yuzasidan o`tkazildi.

Mashg`ulotlarga Armaniston, Belarus, Qozog`iston va Rossiyaning tinchlikparvar kontingentlari jalb etilishi kerak edi. KXShT tinchlikparvar kuchlari bilan “Buzilmas birodarlik” mashg`ulotlari 2012 yildan buyon o`tkazib kelinmoqda.

Ushbu mashqlarda, rejalashtirilganidek, Tojikiston harbiylari ishtirok etishi kerak edi. Biroq chegaradagi mojarodan so`ng ko`plab qirg`izistonliklar, shuningdek, Jogorku Kenesh deputatlari Tojikiston Respublikasi Qurolli kuchlari vakillarini mashg`ulotlarga kiritmaslikni talab qilishgan.

KXShT hozircha mashg`ulotlar bekor qilinganiga munosabat bildirmagan.

Avvalroq siyosiy tahlilchilar Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarov 7 oktyabr kuni Sankt-Peterburgda bo`lib o`tgan MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etmaganini ta`kidlagan edi. Kun tartibidagi asosiy masala Vladimir Putin va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning 70 yillik yubileylarini nishonlash bo`ldi.

Sentyabr oyi o`rtalarida Qirg`iziston va Tojikiston harbiylari o`rtasida keng ko`lamli chegara to`qnashuvlari yuz bergan, buning oqibatida har ikki tomondan o`nlab odamlar halok bo`lgan, yuzlab odamlar jarohatlangan edi. Shu bilan birga, har ikki davlat KXShTga a`zo hisoblanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar