O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida” gi qarori imzolandi.
Qaror bilan aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023–2027 yillarga mo`ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda.
Ushbu Dasturni amalga oshirish uchun 2023–2027 yillarda jami 120 mlrd so`m va 54 mln dollar yo`naltiriladi (Davlat byudjetidan 110 mlrd so`m va 28 mln dollar, shuningdek, OITSga, sil kasalligiga va bezgakka qarshi kurashish Global jamg`armasi mablag`lari hisobidan 18 mln dollar, Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar bankining qarz mablag`lari hisobidan 7,5 mln dollar, xalqaro tashkilotlardan 9,5 mlrd so`m grant mablag`lari).
Dastur doirasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
a) OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida:
- har yili kamida 3 mln aholi tekshiruvlar bilan qamrab olinadi va buning uchun 11,4 mln dona diagnostik test-tizimlari (ekspress, IFA testlari) xarid qilinadi;
- OITSga qarshi kurash markazlari OIV infeksiyasi diagnostikasi va davolash samaradorligini monitoring qilish uchun zarur 587 mingta diagnostik vositalar (immunoblot, PZR va SD4) bilan ta`minlanadi;
- 50 ming nafar aholini maxsus davolash kurslari bilan qamrab olish uchun 22 turdagi retrovirusga qarshi dori vositalari xarid qilinadi;
- OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishiga barham berish maqsadida OIV infeksiyali onalardan tug`ilgan 2 ming nafardan ortiq 6 oygacha bo`lgan bolalar quruq sut aralashmasi bilan ta`minlanadi;
b) sog`liqni saqlash organlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda OIV infeksiyasi yuqishi ehtimoli yuqori guruhlar (giyohvandlar va boshqalar) orasida profilaktik tadbirlar olib boriladi;
v) aholi orasida keng targ`ibot-tushuntirish ishlari tashkil etiladi;
g) 2023 yil 1 iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2023 yil yakuniga qadar boshqa hududlarda FHDYo organlari va tibbiyot muassasalari o`rtasida nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi bo`yicha majburiy tibbiy ko`rikdan o`tkazish bo`yicha elektron ma`lumot almashinuv tizimi joriy etiladi;
d) 2023 yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini ta`minlash, real vaqt rejimida dori va diagnostik vositalarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi yaratiladi;
Buning uchun BMTning Rivojlanish dasturi orqali 100 ming dollar ajratiladi.