1

Bo‘zsuv kanali yoqasida hokim qarori bilan qurilayotgan bino qurilishi to‘xtatildi

Jamiyat 03.02.2023, 19:54
Bo‘zsuv kanali yoqasida hokim qarori bilan qurilayotgan bino qurilishi to‘xtatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yunusobod tumani hududidan oqib o`tuvchi Bo`zsuv kanali bo`yida “TOShKENT O`RDASI” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirilayotgani haqida xabar tarqaldi. Tabiat resurslari vazirligi holat bo`yicha rasmiy munosabat berdi.

Ma`lum qilinishicha, Toshkent shahar Ekologiya va Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi mas`ullaridan iborat ishchi guruh tomonidan holat joyida o`rganilgan.

O`rganishlar davomida “TOShKENT   O`RDASI” mas`uliyati cheklangan jamiyati  tomonidan Bo`zsuv kanali bo`yi qirg`og`ida to`qqiz qavatli mehmonxona binosi qurish uchun  Toshkent shahar hokimining 2014 yil 14 mayda 406-sonli qarori qabul qilingani, bugungi kunda esa rejalashtirilgan ushbu binoning besh qavati qurilganligi ma`lum bo`ldi.

Toshkent shahar hokimining  2018 yil 13 iyuldagi “Toshkent shahar hududidan oqib o`tuvchi kanal va kollektorlarning qirg`oq bo`yi mintaqalarini belgilash haqida”gi 1043-sonli qaroriga asosan, Bo`zsuv kanalining qirg`oq bo`yi kengligi 15 metrni tashkil etishi belgilangan. 

Biroq, o`rganish jarayonida ushbu qurilish binosi Bo`zsuv kanali qirg`oq bo`yidan 10 metr masofada joylashganligi, qurilish ishlarini amalga oshirish uchun Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasidan ruxsatnoma hamda  davlat ekologik ekspertizasining  xulosasi olinmaganligi aniqlandi. 

Shu munosabat bilan Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi tomonidan qurilish tashkilotiga qurilish ishlarini to`xtatish va kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha ogohlantirish berildi.

Shuningdek, qonun buzilishi yuzasidan to`plangan hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish uchun tegishli sudga da`vo arizasi kiritish choralari ko`rilmoqda. 

Natijasi yuzasidan qo`shimcha ma`lumot beriladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1