Toshkent shahar IIBBga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shug`ullanuvchi Abduqodir Mo`minov ismli shaxsning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan. Murojaat asosida o`tkazilgan tekshiruv davomida Abduqodir Mo`minov qo`lga olindi.
Ma`lum qilinishicha, A.Mo`minov 2021 yilning oktyabr oyida tanqidiy videolavhalar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali fuqaro E.Z.ning ukasi D.Yu.ning nomiga rasmiylashtirilgan MChJ bilan bog`liq holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB Tergov bo`limi ish yurituvidagi jinoyat ishini ijobiy hal etishga IIB xodimlarini go`yoki majbur qila olishini aytib, shu orqali E.Z.ning ishonchiga kirib, o`zining xizmatlari uchun jami 10.000 (o`n ming) AQSh dollarini so`rab, shundan 3.800 (uch ming) AQSh dollarini oldindan olgan. Lekin u bergan va`dasini bajarmay, olgan pullarni o`z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Bundan tashqari, 2021 yilning oktyabr oyida A.Mo`minov Jizzax viloyatida fuqaro A.T. bilan uchrashib, uning rahbarligi ostidagi tashkilot to`g`risida salbiy yo`sinda videolavha tayyorlaganini, ushbu materialni o`zining “Ko`zgu” nomli ijtimoiy tarmoq sahifasi orqali tarqatadigan bo`lsa, tashkilot rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoqqa olinishini aytib, A.T.ni o`z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib, A.T.dan ushbu ma`lumotlarni sir saqlashi uchun 70.000 AQSh dollari so`ragan.
Fuqaro A.T. o`z ko`rsatuvlarining tasdig`i sifatida A.Mo`minov bilan o`rtasidagi so`zlashuvlar audio yozuvini taqdim etgan va unga nisbatan qonuniy chora ko`rishlikni so`ragan.
Mazkur holatlar yuzasidan A.Muminovga nisbatan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”), 165-moddasi (“Tovlamachilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. A.Muminov prosessual tartibda ushlangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.