AsosiyJAMIYAT

Anomal sovuqda elektrsiz qolgan Toshkent anomal issiqqa bardosh bera oladimi?

Joriy yilning 11 mart kuni "Toshkent shahridagi iste`molchilarni energiya resurslari bilan...

'Anomal sovuqda elektrsiz qolgan Toshkent anomal issiqqa bardosh bera oladimi?'ning rasmi

Joriy yilning 11 mart kuni "Toshkent shahridagi iste`molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi. Xo`sh, endi poytaxtda elektr energiyasi bilan bog`liq muammo bo`lmaydimi? Anomal sovuqdagi uzilishlar qaytarilmaydimi? Buning uchun qanday choralar ko`rilmoqda? Savollarimizga "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Toshkent shahar filiali kapital qurilish boyicha direktor o`rinbosari Behzod Kulibaev javob berdi: 

– Joriy yilning yanvar oyida Respublikamiz bo`ylab anomal sovuq ob-havosi kirib kelishi oqbatida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalariga yo`naltirilgan quvurlarda gaz bosimining keskin pasayishi natijasida asosiy yuklama elektr ta`minotiga tushganligi sababli elektr energiyasini etkazib berishda va ta`minotida uzilishlar kuzatildi. Buning natijasida, Toshkent shahrining ko`plab tumanlaridagi elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, ta`minotda favqulotda uzilishlar sodir bo`ldi.

O`zingizga ma`lum, Respublikamizda qish kunlarida kirib kelgan anomal sovuq ob-havosi kabi yoz oyida ham anomal issiq kuzatilishi mumkin. Anomal sovuq ob-havosi vaqtida kuzatilgan nosozliklar, ta`minotda favqulotda uzilishlarni oldini olish maqsadidaO`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 martdagi “Toshkent shahridagi iste`molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-91 sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror doirasida Toshkent shahrida jami 5 ta 110 kV kuchlanishli podstansiya qurilish rejalashtirilgan, ya`ni Yunusobod tumanida “Yunusobod biznes siti”ni tashqi elektr ta`minoti bilan ta`minlash, Shayxontoxur tumanida “Tashkent siti” xalqaro ishbilarmonlik markazini tashqi elektr ta`minoti bilan ta`minlash, M.Ulug`bek tumanida “Yangi O`zbekiston ko`chasi yo`l bo`yi infratuzilmasini, yangi barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasini tashqi elektr ta`minoti bilan ta`minlash, Yashnobod tumanida “Olmos” va “Go`zal” mahallalarini hamda ushbu hududda qurilayotgan ko`p qavatli uy-joylarni tashqi elektr ta`minoti bilan ta`minlash hamda Yangihayot tumanida ishlab chiqarish korxonalarini va kichik sanoat zonalarini tashqi elektr ta`minoti bilan ta`minlash maqsadida qurilishi rejalashtirilgan. Yuqorida keltirilgan podstansiyalarni qurish orqali umumiy quvvati 664 MVA bo`lgan quvvat yaratiladi.

Bundan tashqari Toshkent shahrida jami 4 ta podstansiyada rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan. Jumladan, Yunusobod tumanida “Yunusobod” PS (2x40 MVAni 2x63 MVAga), Olmazor tumanida “Sag`bon” PS (2x25 MVAni 2x40 MVAga), M.Ulug`bek tumanida “Botanika” PS (1x63, 1x40 MVAni 2x80 MVAga) va Mirobod tumanida “Qo`qon” PS (2x40 MVAni 2x63 MVAga)dagi mavjud kuch transformatorlari katta quvvatlisiga almashtirish hisobiga 179 MVAquvvat yaratiladi. Buning natijasida aholi va yuridik iste`molchilarning elektr energiyasi yaxshilanadi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirishga jami 3,5 trln miqdorda mablag`lar yo`naltiriladi, shu jumladan 566,0 mlrd so`m “O`zMET” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ va “Uzavtosanoat” AJlarning o`z mablag`lari, 199,0 mlrd so`m “HET” AJ o`z mablag`lari hamda 2,7 trln so`m “HET” AJ tomonidan jalb qiladigan tovar kreditlarini olish orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari 2023-2025 yillarda Toshkent shahrida 2969,8 km past kuchlanishli EUT va 703 dona TPlarni yangilash ishlari rejalashtirilgan bo`lib, joriy yilda 903,3 km EUT va 228 dona TP  yangilash ishlari belgilangan.

Ushbu qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish 2-chorak yakuniga qadar tugatilishi rejalashtirilgan hamda kunlik va oylik tarmoq jadvallari ishlab chiqilib, tuman va shahar xokimliklari bilan kelishilgan.

Ushbu qurilish-montaj ishlari LSH bilan parallel ravishda amalga oshiriladi. Bugungi kun ya`ni 13 mart holatiga tarmoq jadvaliga asosan 132,4 km EUT va 61 dona TP rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga Toshkent shahrining qo`shimcha elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojini qoplash uchun, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida Saudiya Arabistonining “Akva pover” kompaniyasi tomonidan quvvati 400 MVt bo`lgan fotoelektr stansiyasini qurish ishlari rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi bosqichda 100 MVt bo`lgan quvvatni ishga tushurish belgilangan.

Bundan tashqari Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida Xitoy xalq Respublikasi “Chayna jejuba group investment kompaniy” kompaniyasi tomonidan quvvati 700 MVt bo`lgan fotoelektr stansiyasini qurish ishlari rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi bosqichda 100 MVt bo`lgan quvvatni ishga tushurish belgilangan.

    Boshqa yangiliklar