AsosiySiyosat

Samarqandda Afg`onistonga qo`shni davlatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashadi

'Samarqandda Afg`onistonga qo`shni davlatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashadi'ning rasmi

Yaqin kunlarda Samarqand shahri yana bir bor qator yirik xalqaro tadbirlar o`tkaziladigan maskanga aylanadi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 2023 yil 13 aprel kuni bu erda Afg`onistonga qo`shni davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo`lib o`tadi. O`zbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari Afg`onistondagi mavjud vaziyatni ko`rib chiqadilar.

2023 yil 14 aprel kuni esa Samarqandda O`zbekiston, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg`iz Respublikasi va Qozog`iston delegasiyalari hamda MDH Ijroiya qo`mitasi ishtirokida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig`ilishi bo`lib o`tishi kutilmoqda. Unda xalqaro kun tartibi va MDH doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish, qo`shma dasturlar ijrosi hamda MDH Davlat rahbarlari kengashiga ko`rib chiqishi uchun kiritiladigan hujjatlar loyihalari muhokamasi ko`zda tutilgan.

Shu kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining  oltinchi uchrashuvi bo`lib o`tadi.

Ushbu tadbirlarni yoritishga qiziqqan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari 2023-yilning 10-apreliga qadar akkreditasiya hujjatlari to`plamini (akkreditasiyadan o`tadigan shaxslarning pasportlari nusxalari va tarjimayi hollari, ommaviy axborot vositalari to`g`risidagi ma`lumotlar) ilova qilgan holda press@mfa.uz elektron pochtasiga ariza yuborishlari zarur.

Qo`shimcha savollar bilan O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasiga murojaat (+99871 236 29 83, +99871 232 05 41) qilishingiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar