AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Turkmaniston prezidenti oilasiga hamdardlik bildirdi

'Shavkat Mirziyoev Turkmaniston prezidenti oilasiga hamdardlik bildirdi'ning rasmi

15 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkman xalqining milliy etakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Dastlab davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovga og`ir judolik - onasi Ogulabat edje Berdimuhamedova olamdan o`tgani munosabati bilan chuqur hamdardlik va taskin-tasalli so`zlarini izhor etdi, unga va barcha yaqinlariga sabr-toqat va bardosh tiladi.

Suhbatda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi. Yil boshidan buyon o`tgan ikki tomonlama muloqotlar – Hukumatlararo komissiya yig`ilishi, siyosiy maslahatlashuvlar, transport va madaniyat vazirlarining uchrashuvlari, diplomatik munosabatlar o`rnatilgani 30 yilligi munosabati bilan o`tkazilgan boshqa tadbirlarning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy, energetika va suv xo`jaligi sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari ko`rib chiqildi.

O`zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash bo`yicha faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Telefon muloqoti yakunida etakchilar bir-birini va qardosh mamlakatlarimiz xalqlarini yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan dildan qutladilar.
 

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoev 15 aprel kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

O`zbekiston Prezidenti Turkmaniston Prezidentiga og`ir judolikka uchragani –buvisi, hurmatli Ogulabat edje Berdimuhamedova hayotdan ko`z yumgani munosabati bilan chin dildan hamdardlik bildirdi.

Suhbatda O`zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.

Yaqinda o`tkazilgan Hukumatlararo komissiya yig`ilishi, tashqi siyosiy idoralar, transport, madaniyat vazirliklari doirasidagi uchrashuvlar va boshqa tadbirlarning samarali natijalari ijobiy baholandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari, eng avvalo, “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo sonasini tashkil etish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperasiya loyihalarini amalga oshirish, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida e`tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari bo`lajak tadbirlar rejasini ham muhokama qilib, bir-birini yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan qutladilar, ezgu tilaklar bildirdilar.

    Boshqa yangiliklar