1

Mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta`minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi — Yangi Konstitusiya

Iqtisodiyot 18.04.2023, 12:48
Mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta`minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi — Yangi Konstitusiya

Mehnatga haq to`lash tartibi — bu davlat tomonidan rejali tartibda belgilangan xodimlarning bajargan ishi miqdori va sifatiga mos holda ularning shaxsiy moddiy ehtiyojlarini qondirish, munosib turmush kechirish uchun to`lanadigan pul miqdori ko`rinishidagi ish haqidir.

Ish haqi odatda ish beruvchi tomonidan xodimlar mehnatining yakuniy natijalariga ko`ra ma`lum belgilangan mezonlar asosida ish kuchi bahosining pul shaklidagi ifodasi hisoblanadi.

Ish haqi va uning miqdori birinchi navbatda mamlakatning iqtisodiy rivojlanganlik darajasiga bog`liq bo`lsa, ikkinchidan, mehnat faoliyatining oddiy yoki murakkabligiga, malaka talab etilishi yoki etilmasligiga bog`liq bo`ladi. Ish haqiga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir etadigan yana bir muhim omil — bu mehnat bozoridir. Chunki mehnat bozori ish kuchining sotuvchisi (xodim, mehnat qiluvchi) va ish kuchini sotib oluvchi (ish beruvchi, korxona va tashkilotlar) o`rtasidagi munosabat orqali vujudga keladi. Aynan mehnat bozoridagi talab va taklifga qarab ish kuchining bahosi, uning qadri belgilanadi. Bu baho qonun hujjatlariga ko`ra mehnat shartnomasida belgilanib, mehnatga haq to`lashning miqdori kelib chiqadi. Shunga ko`ra qaysi davlatda mehnat bozorida ishchi kuchi taklifi ko`p bo`lsa, unga to`lanadigan ish haqi miqdorida o`sish holati past bo`ladi.

Shuning uchun jamiyatda aholining munosib turmush kechirishi, olayotgan ish haqi miqdori uning turli ehtiyojlarini qoplash nuqtai nazaridan davlat tomonidan fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kafolatlash maqsadida mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori belgilanadi hamda doimiy nazorat qilib boriladi. Masalan, AQShda  2023 yil 1 yanvar holatiga hukumat tomonidan belgilangan minimal ish haqi miqdori soatiga 7,25 dollarni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, bu ko`rsatkich bir oyda 1160 dollar, bir yilda esa 13 920 dollarni tashkil etadi. Xitoyda ham minimal ish haqini to`lash tartibiga jiddiy e`tibor qaratiladi. Xususan, eng kam ish haqi — bu davlat tomonidan ish haqi miqdoriga qo`yiladigan majburiy talab bo`lib, ish beruvchilar tomonidan belgilangan vaqtda xodimlarni o`z majburiyatlarini bajarganliklari uchun ularni ijtimoiy himoya qilish va mukofotlash maqsadida to`lanadigan ish haqi miqdori tushiniladi. Xitoy davlatida eng kam ish haqi me`yorlari mahalliy ishchilar va ularning qaramog`idagilar uchun eng kam yashash qiymati, shahar aholisining iste`mol narxlari indeksi, ijtimoiy sug`urta va uy-joy uchun to`lovlar kabi omillarni hisobga olgan holda viloyat hukumatlari tomonidan belgilanadi.

Xitoyda eng kam ish haqi standartlari ikki shaklda, ya`ni oylik eng kam ish haqi va soatlik eng kam ish haqi ko`rinishida bo`ladi. Eng yuqori soatlik ish haqi Pekin shahrida bo`lib, bu erda soatiga 25,3 yuan yoki 3,795 AQSh dollari miqdoriga to`g`ri keladi (1 yuan 0,15 AQSh dollariga teng). Soatiga eng kam ish haqi to`lanadigan provinsiya (hudud) bu Yunnan hisoblanadi. Bu erda ishchi uchun soatiga 13 yuan yoki taxminan 1,95 AQSh dollari to`lanadi. Umuman olganda Xitoyda minimal yoki o`rtacha ish haqi miqdori xodimning malakasi, ta`lim darajasi hamda ish stajiga bog`liq bo`ladi.

O`zbekistonda ham mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorini belgilashda xorijiy tajribalar keng o`rganilmoqda. Natijada Prezidentning 2019 yil 21 maydagi PF-5723-son farmoniga muvofiq 2019 yilning 1 sentyabridan «eng kam ish haqi miqdori» o`rniga «mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori», «bazaviy hisoblash miqdori» va «pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori» tushunchalari amaliyotga kiritildi. Mazkur yangiliklarni amaliyotga joriy etishdan asosiy maqsad ish beruvchilarga ish haqi miqdorlarini qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to`lashning eng kam miqdoridan kam bo`lmagan holda to`lashini ta`minlash, ish haqi miqdorlarini eng kam ish haqiga muvofiq oshirish tavsiya etiladi. Albatta, bu o`zgarishlar Konstitusiyaviy islohotlarda ham e`tiborga olindi.

E`tibor beradigan bo`lsak, yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 42-moddasiga aynan aholining turmush darajasi sifatini oshirishga qaratilgan «Mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta`minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi», degan yangi qoida kiritilmoqda. Mazkur yangi normada ikkita muhim iqtisodiy kategoriya joy olgan. Birinchisi — «mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori» hamda ikkinchisi — «insonning munosib turmush darajasi». Bu yangi qoidalarning Konstitusiyaga kiritilishi davlatning katta siyosiy irodasi hisoblanib, buning ortidan kelajakda «kambag`allik chegarasi», «minimal iste`mol xarajati» hamda «mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori» degan iqtisodiy indekslarni qayta ko`rib chiqishga turtki bo`ladi. Bu, albatta, aholining munosib turmush darajasi yaxshilanishiga zamin yaratadi.

Nodir Rasulov,

iktisodiy fanlar doktori,

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1