Ozarbayjonda rus tilidagi maktablar yopilishi mumkinligi haqida xabar tarqaldi. Ozarbayjonning Oxu nashri xabariga ko‘ra, mamlakat hukumati Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi ortidan rus tilidagi maktablarni yopishga qaror qilgan. Jurnalistlar maktablarning WhatsApp chatlarida tarqalgan bildirishnomalarga tayanmoqda.
Ta’kidlanishicha, Ozarbayjon maktablarida rus tilida o‘qitish uch yil ichida bosqichma-bosqich to‘xtatiladi. "Ushbu qaror Ozarbayjon tilining asosiy ta’lim tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash va barcha fuqarolarni yagona ta’lim muhitiga integratsiyalashga qaratilgan", deyiladi nashr xabarida.
Xuddi shunday qaror oliy o‘quv yurtlarida rus tilidagi ta’limni to‘xtatish to‘g‘risida ham qabul qilindi, deb yozdi Oxu. Yangi o‘quv yilidan boshlab o‘qitish faqat Ozarbayjon va ingliz tillarida olib boriladi, shuning uchun barcha rusiyzabon talabalar 20 avgustgacha Ozarbayjon tilidan imtihon topshirishi kerak.
Meduza nashrining ta’kidlashicha, Ozarbayjondagi rus maktablarining yopilishi haqidagi ma’lumotlar soxta xabarlarni chop etishga ixtisoslashgan "Imperiya ochen zla" satirik Telegram-kanalida tarqalgan. Tegishli eslatma 30 iyun kuni kanalda paydo bo‘lgan. "Ogoh bo‘ling, soxta va qo‘pol kinoya bo‘lishi mumkin. Yozilganlar fantastika, barchasi tasodif", deyiladi kanal tavsifida.
Shunga qaramay, Rossiyaning RBK agentligi Ozarbayjon ta’lim muassasalaridan biridagi manbadan rus maktablarining yopilishi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.
Ommaviy axborot vositalarining so‘roviga javoban Ozarbayjon Fan va ta’lim vazirligi maktab va universitetlarda rus tilida ta’lim to‘xtatilishi haqidagi savolga javob bermadi va davlat ta’lim siyosati haqidagi yangiliklarni faqat rasmiy manbalardan izlash shartligini eslatdi.
Qayd qilinishicha, ayni paytda Ozarbayjonda 340 ta rus tilidagi maktab mavjud (shundan 16 tasi faqat rus tilida ta’lim beradi). Bunday maktablarda jami 150-160 ming o‘quvchi ta’lim oladi.