Prezident Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev “Zagulba” qarorgohida tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston—Ozarbayjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida kooperatsiya va almashinuvlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston yetakchisi bu galgi davlat tashrifi va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tayotganini alohida ta’kidladi.
“Munosabatlarimiz tarixda hech qachon bugungidek yuksak darajada bo‘lmagan”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Prezidentlar ko‘p qirrali hamkorlik barcha darajalarda jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi. Kecha Xiva shahrida birinchi Parlamentlararo forum bo‘lib o‘tdi. Bokuda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Hududlar forumi samarali o‘tdi. Yaqinda Andijonda ilk bor rektorlar forumi tashkil etilib, 60 dan ortiq shartnoma imzolandi. Ozarbayjonning “Shirvon” ansambli Xiva baxshichilik festivali gran-prisini qo‘lga kiritdi.
Iqtisodiy kooperatsiya yilida tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oshdi. Loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetgan. 300 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tashrif davomida Boku shahrida “O‘zbekiston” bog‘i qurilishiga start beriladi va O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi yangi binosi ochiladi.
Parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar va hududlar darajasidagi amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Sanoat, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, turizm, bank va boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan alohida Kooperatsiya dasturi qabul qilinayotgani ta’kidlandi.
Qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi qayd etildi. Tadbirkorlar kengashi hamda Sanoat va iqtisodiy zonalar forumi kabi hamkorlikning yangi formatlari qo‘llab-quvvatlandi.
Transport-kommunikatsiya sohasidagi sheriklikka alohida e’tibor qaratildi. O‘rta yo‘lakni rivojlantirishda ishtirok etish loyihalari muhokama qilindi.
Ushbu yo‘lak orqali tashilayotgan O‘zbekiston yuklari hajmi 25 foizga — 1 million tonnadan ziyodga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bundan tashqari, joriy yil mart oyidan boshlab yuk tashishda elektron ruxsatnomalarga o‘tish ta’minlandi.
Shuningdek, Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha qo‘shma loyihani tayyorlashni jadallashtirishga kelishib olindi.
Diplomatik munosabatlar yubileyini munosib nishonlash maqsadida tomonlar joriy yilning kuzida qator qo‘shma madaniy va yoshlar tadbirlarini o‘tkazishga kelishib oldi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Majlisda Hukumatlararo komissiya hamraislari, transport, energetika va madaniyat vazirlarining muzokaralar kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.