1

Erta «ulg`ayib qolayotgan» bolalar. Bu me`yormi yoki?..

SUG'DIYONA 10.10.2016, 10:11
Teglar: Ona, Ota, Ota-ona, Oila, Ona va bola
Erta «ulg`ayib qolayotgan» bolalar. Bu me`yormi yoki?..

Hozir imkonsiz narsaning o`zi yo`q: mart oyida qulupnay, may oyida tarvuz, dekabrda gilos yoki shaftoli topish muammo emas. Lekin bevaqt etilgan bu mahsulotlarning ta`mi o`z vaqtida pishganlarnikiga aslo o`xshamaydi. Inchinun, har ishning o`z vaqtida bo`lgani yaxshi.

Shikoyat

«Olti yashar o`g`lim yuzgacha bo`lgan sonlarni bemalol qo`shib, ayiradi, karra jadvalni yod biladi, yaxshi rasm chizadi. Ammo ayrim o`rinlarda «men katta bo`lsam, falon yoshimda uylanaman» yoki «bog`chamda Shahboz Nazokatni sevadi» kabi gaplarni ham aytadi. Cholga o`xshagan bolani azaldan xushlamasdim. Endi o`zimning farzandim shunday bo`lib qolayotgandek. Nima qilish kerak?»

«Qaynegachimning 11 yoshli qizi haddan ortiq mahmadona va chaqimchi. Nuqul kattalarning yonida o`tirib gap poylaydi, eshitganlarini oqizmay-tomizmay «kerakli odamlar»ga etkazadi. Necha marta shu qizning chaqimchiligi tufayli qaynonamdan gap eshitdim. Yaqinda ikki uy o`rtasida gap tashib, qudalarni, ya`ni o`z buvilarini yuzko`rmas darajada urishtirib qo`ydi. Sal qoldi qaynegachimning turmushi buzilib ketishiga…»

«Ovsinimning etti yashar o`g`li xuddi qaynotamning o`zi. «Kelinoyi, ovqatga yog`ni kamroq soling, pulni ko`chadan supurib kelishmayapti-ku», «Buncha ko`p telefonda gaplashasiz. Rosa pul yozadi-ku» degan gaplar bilan ezvoradi-da. Bir joyga borsa, quruq qaytmaydi, hech bo`lmasa o`zi o`tirgan stulning boltini sug`urib keladi. Nega unday qilding, uyda bunaqa narsalar qalashib yotibdi-ku desangiz, «ro`zg`orda asqotib qoladi» qabilidagi kattalarga xos javobni eshitishingiz tayin».

Bu singari shikoyatlarning qahramonlari xalq tilida «ona xotin» yoki «pakana kishi» deb ta`riflanadigan bolalardir. Ular kimningdir g`ashiga tegadi, birovning kulgisini qistatadi, yana allakimga qiliqlari yoqadi ham. Ammo asosiy savol ko`ndalang turaveradi: bu me`yormi yoki kasallik? Nega shunday bo`ladi? Davosi bormi?

Sabab

Aslida qo`rqinchli hech narsa sodir bo`layotgani yo`q. Bola falon yoshgacha bolaligini qilishi kerak, piston yoshdan katta bo`lishi shart degan chegara yo`q aslida. Qolaversa, yuqorida keltirilgan shikoyatlar qahramonlari erta ulg`aygan emas, shunchaki, kattalarga haddan ortiq taqlid qilayotgan bolalardir. Ular aqliy, psixologik rivojlanishda tengdoshlaridan aslo farq qilmaydi. Ammo kattalarga judayam o`xshashadi. Yagona farq shunda. Lekin bu hol odatiymi yoki unda-bunda vaziyat taqozosiga ko`ra namoyon bo`lyaptimi – farqlab olish kerak. Masalan, bir qizaloq onasining ketidan to`yga ergashyapti. Ona uni uyda qoldirib ketish uchun bunday deydi: «Qizim, katta bo`lib qolding, uylarni yig`ishtirib, hamma narsaga ko`z-quloq bo`lib tur. Birov narsalarni olib chiqib ketmasin». Bola o`zini katta odamday his qiladi, uylarni yig`ishtiradi, hamma narsani joy-joyiga qo`yadi. Hatto hovlisidagi rayhondan bir necha barg uzishga chiqqan qo`shni ayolni ham quvib soladi. Chunki onasi unga «uydan hech narsa olib chiqib ketilmasin» deb qo`ygan. O`sha alamzada qo`shnining nazarida qizaloq «ona xotin»ga aylanadi.

Bola kichikligidan juda e`tibortalab bo`ladi. Kattalar unga qanchalik ko`p e`tibor bersalar, shunchalik xotirjam va baxtiyor. Ammo ba`zida bolaga shu e`tibor etishmay qoladi. Shunda u o`ziga diqqatni tortish uchun kattalarning gapini gapiradi, qilig`ini qiladi, suhbatiga aralashadi. Kattalar kutilmaganda uning so`zlaridan kulishlari, maqtashlari, hayratlanishlari, xullas, unga kutilgan darajada e`tibor qaratishlari mumkin. Bolaga bu xush yoqadi va o`ziga e`tibor qaratishning bu usulidan tez-tez foydalanadigan bo`lib qoladi. Me`yordagi, uyg`un munosabatlar ichida o`sayotgan bola hech qachon bu yo`l bilan o`ziga e`tibor tortishga harakat qilmaydi. Demak, kattalar bolaga munosabatlarini o`zgartirishlari kerak.

Yana bir holatni nazardan qochirmaslik kerak. Bola – oyna. U kattalarning fe`li, xulqi, xatti-harakatlaridan nusxa ko`chirishni yaxshi ko`radi. Boladagi g`ashga tegayotgan, erish tuyulayotgan narsa aslida kattalarda ham yoqimsiz ko`rinadigan odatlardir. Nega bola aynan shu narsalarni ko`chiryapti? Chunki atrofdagi kimdadir shu xususiyat yoki odat bo`rtib ko`rinadi.

Va nihoyat, yana bir sabab: bolaning avvaliga hech zararsiz tuyulgan kattalarga taqlidini maqtash, ko`klarga ko`tarish va hatto bundan foydalanish. Masalan, yosh bolali uyda sir yotmaydi, deyishadi. Ular eshitganlarini to`tidek takrorlashadi. Kattalar esa biron joyga bolani ayg`oqchi qilib yuborishadi, uni gap chaqishga, g`iybatlarga quloq solishga atayin o`rgatishadi yoki majbur qilishadi. Shu ishni qilmasa, maqtov va e`tiborga sazovor bo`la olmasligini sezgan bola «yashash uchun kurash» boshlaydi, ya`ni oldiga qo`yilgan vazifani ortig`i bilan ado etishga bel bog`laydi. Axir uni eshitishyapti, og`zini poylashyapti. Qolaversa, kattalarning hayoti unga qiziqroq, maroqliroq tuyula boshlaydi. Endi u busiz yashay olmaydi. Keyinchalik talab qilmasangiz ham, hatto taqiqlab qo`ysangiz ham, bola bu ishini qo`ymaydi. Chunki odatga aylanib bo`ldi, tarki odat esa amri mahol.

Rivoyat

Bir donishmandga ota-ona farzandini etaklab kelib, bolaning haddan ko`p shirinlik eyishidan, bu zararli odatdan uni hech qaytara olmayotganliklaridan shikoyat qilishibdi. Donishmand «qirq kundan keyin kelsangiz, muammoning echimini aytaman», debdi. Qirq kundan keyin ota-ona yana farzandini etaklab borishsa, donishmand bolaga: «Qirq kun umuman shirinlik ema», debdi xolos. «Axir shu oddiygina maslahat uchun bizni shuncha kuttirdingizmi?» deb so`ragan ota-onaga donishmand bunday javob bergan ekan: «Men o`z qo`limdan kelmagan ishni birovdan talab qila olmayman. Bolangga shu maslahatni berishdan oldin o`zim qirq kun davomida shirinlikdan tiyildim. Bunga muvaffaq bo`lganimdan keyingina o`g`lingizga shu taqiqni ayta oldim». Xulosa shuki, har kim o`zgartirishni avval o`zidan boshlashi kerak.

Chora

Nima qilmoq kerak? Avvalo pashshadan fil yasamay, vaziyatni to`g`ri baholash darkor. Balki bu bolalarning shunchaki bir o`yinidir va vaqti kelib o`tib ketar. Lekin yomon odat darajasiga etib, bola tarbiyasiga ta`sir etishni boshlayotgan bo`lsa, chora izlashga to`g`ri keladi. Bu o`rinda taqiqlash, jazolash kabi usullar hech ish bermaydi. Chunki bola bu ishni anglab emas, beixtiyor qilyapti. Avvalo, tadqiqni o`zingizdan boshlang. O`zingizni tarbiyalamaguncha bolani o`zgartira olmaysiz. Aslida ota-onalikka bola tug`ilmasdan ancha avval tayyorgarlik ko`rish kerak. Kattalar aytayotgan so`zlariga, qilayotgan ishlariga tanqidiy nazar bilan qarab, o`zlarini tarbiyalab olishlari lozim. Siz qanday ibrat ko`rsatsangiz, farzandingiz shunday tarbiyalanadi. Yuqoridagi rivoyatda aytilganidek, ishni o`zingizdan boshlang. Oilada hamma narsa me`yorda, munosabatlar turg`un va oydin, psixologik muhit mo``tadil bo`lsa, bola kattalarga ortiqcha taqlid qilmaydi, ularning hayoti bilan yashash, muammolari bilan bosh qotirishdan ko`ra tengdoshlari bilan shataloq otishni afzal biladi.

Bilingki, bolalar o`z-o`zini nazorat qila olishmaydi. Ularda jarayonlar g`ayriixtiyoriy tarzda kechadi. Kattalar esa o`zlarini nazorat qila oladilar. Bolangiz g`iybatchi bo`lishini istamasangiz, o`zingiz g`iybat qilmang. Chaqmachaqar bo`lmasin desangiz, gap tashiganda maqtamang. Undagi energiyani boshqa o`zanga burish, bolaga o`ziga mos qiziqishlar topib berish lozim.

Xulosa

Vaqti kelib har qanday bola ham ulg`ayadi. Sakkiz yoshida o`ttiz yoshli odamning qiliqlarini ongsiz ravishda takrorlayotgan bola o`ttizga chiqqanida ham shu holicha qoladi (ya`ni oltmish yashar cholga aylanib qolmaydi) va muammo o`z-o`zidan barham topadi. Lekin sakkiz yoshida kattalarning qusurlari, ayblarini oynadek ko`rsatayotgan kichkintoyning xatti-harakatlaridan kattalar to`g`ri xulosa chiqarib olishlari kerak.

Ruhshunos Shahnoza HALILOVA tavsiyalari asosida Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.

 

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Buxoroda onadan 3 nafar farzandi uchun aliment puli undirildi

12.12.2019, 16:14

Aksariyat hollarda farzandlar ta`minoti uchun otalardan aliment undiriladi. Shundan farqli o`laroq bu ijro ishida aliment onadan undirildi.F.Ya. Buxoro shahrida tug`ilgan I.J. bilan turmush qurib, 3...
O`zbekistonda qancha oila faqat sha`riy nikoh asosida yashagani aniqlandi

14.11.2019, 18:36

 O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.Bu haqda 13 noyabr kuni oila...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1