AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Anjumanda “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ma`lumot berildi.
“2030 yilgacha O`zbekiston Respublikasida oila institutini yanada mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash” yuzasidan qaror loyihasi muhokomaga qo`yilgan bo`lib, kelajakda ushbu konsepsiyada belgilangan vazifalarning amaliy jihatlari ijobiy natijalarga sabab bo`ladi.
Konsepsiya 2 bosqichda: 2021-2025 yillar va 2026-2030 yillar davomida amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda (2021-2025 yillar) oila institutini rivojlantirishdagi mavjud salbiy tendensiyalarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi va oilaviy farovonlik darajasini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. 2026 yil boshiga qadar ijobiy tendensiyalarni qo`llab-quvvatlash va mustahkamlash bo`yicha keyingi sa`yi-harakatlarni oshirish uchun huquqiy, tashkiliy va moliyaviy asoslari shakllantiriladi.
Ikkinchi bosqichda (2026–2030 yillar) oilaviy farovonlik holatini barqarorlashtirish bo`yicha chora-tadbirlar davom ettiriladi. Asosiy urg`u barcha turdagi oilalarning turmush darajasi va farovonligini ko`tarishga, oilalarga xizmat ko`rsatish infratuzilmasini rivojlantirishga, oilaviy dam olish, sog`lomlashtirish va oila a`zolarining sog`lig`i yanada yaxshilanadi.
Shuningdek, ushbu loyihaning 2 yilga mo`ljallangan “Yo`l haritasi” ishlab chiqilgan bo`lib, unda oilaga yo`naltirilgan davlat siyosati va uning maqsadlarini amalga oshirish, xususan aholining ehtiyojlarini ro`yobga chiqarish, kambag`allikni qisqartirish, oila muammolariga oid real holatni tadqiq etish, oilaga yordam berish mexanizmlarini “Farovon oila – farovon maxalla – farovon jamiyat” g`oyasi asosida tadbiq etish, uning natijador va samarali bo`lishini ta`minlash hamda oilada erkak va ayolning teng huquqliligini ta`minlash, oilaning iqtisodiy barqarorligiga erishish masalalalari muhim masala sifatida e`tibor berilgan.