O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.
Bu haqda 13 noyabr kuni oila institutini mustahkamlash mavzusiga bag`ishlab o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilingan.
Shuningdek, muddati o`tgan (1 yildan oshgan) 13 ming 478ta tug`ilganlik, 21 ming 219ta nikoh, 2 ming 163ta o`lim guvohnomasi rasmiylashtirilib, fuqarolarga topshirilgan.
Ma`lum qilinishicha, oilalarni mustahkamlash maqsadida respublikaning 96 ta tuman va shaharlarida «Bo`lg`usi kelin-kuyovlar innovasion maktabi» tashkil etildi. Bu erda nikohni rasmiylashtirish uchun kelgan yoshlar bir oylik o`quv kurslari asosida oilaviy hayotga tayyorlanadi.
Hozirga qadar jami 12 ming 564 nafar yigit-qiz zamonaviy usullar asosida o`qitildi.
Shuningdek, Oliy sud va Xotin-qizlar qo`mitasi o`rtasidagi hamkorlik asosida 21 mingdan ortiq ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishga erishilgan.