Rim shahridagi Kvirinal saroyida 8 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning muzokaralari bo`lib o`tdi.
Davlatimiz rahbari tashrif bilan kelish taklifi va samimiy mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Serjo Mattarella va Italiya xalqini kuni kecha o`tgan milliy bayram – Respublika e`lon qilingan kun bilan qutladi.
Italiya Prezidenti Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni qo`llab-quvvatlashini bildirdi hamda mamlakatimizning Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni ta`minlash borasidagi sa`y-harakatlarini yuqori baholadi.
Davlat rahbarlari iqtisodiy hamkorlik masalalarini ko`rib chiqdilar.
Keyingi yillarda o`zaro tovar ayirboshlash va qo`shma korxonalar soni ikki barobar ko`paydi. Yurtimizda Pietro Fiorentini, Terra-nova, Danieli, Imagro, Ansaldo, Saipem kabi etakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Prezidentlar kuni kecha o`tgan biznes-forum natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Uning yakunida umumiy qiymati 9 milliard evrodan ziyod bo`lgan kelishuv va shartnomalarning salmoqli to`plami imzolandi.
Gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi. O`zbekiston va Italiyaning madaniy-tarixiy merosiga bag`ishlangan ko`rgazma tashkil etishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, ta`lim, arxeologiya, ekologik xatarlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Toshkentda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli ishlamoqda. Ketma-ket uch yil O`zbekiston Venesiyadagi Xalqaro biennaleda ishtirok etib kelmoqda.
Yil boshidan mamlakatimizga kelayotgan italiyalik sayyohlar soni 5 karra ko`paydi. Joriy yil aprel oyidan boshlab Toshkent va Milan o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aviaqatnovlar yo`lga qo`yilgani turistlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.
Etakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, eng avvalo, Afg`onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Afg`on xalqiga manzilli gumanitar yordamni davom ettirish hamda maxsus vakillarning maslahatlashuvlarini muntazam o`tkazish muhimligi ta`kidlandi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoev Serjo Mattarellani mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.