O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Italiyaga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida shu kunlarda Milan shahrida o`tayotgan “ITMA 2023” to`qimachilik mashinasozligi xalqaro ko`rgazmasi bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbariga Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana va ko`rgazma tashkilotchisi – “Sematex” agentligi rahbari Ernesto Maurer hamrohlik qildi.
“ITMA 2023” – har to`rt yilda bir marta o`tkaziladigan to`qimachilik va tikuvchilik texnologiyalariga bag`ishlangan dunyodagi eng yirik ko`rgazma. Oxirgi ko`rgazma 2019 yilda Barselona shahrida o`tdi. Joriy yilda 20 gektar maydonni egallagan ko`rgazmada 47 mamlakatdan 1 700 ishtirokchi hamda turli davlatlardan 100 ming nafarga yaqin mehmon ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari yigirish va to`qish uskunalarini ishlab chiqarishda dunyoda etakchi bo`lgan “ITEMA” (Italiya), “Stäubli Group” (Shveysariya), “Picanol”, “Vandewiele” (Belgiya) va boshqa kompaniyalarning stendlarini ko`zdan kechirdi.
Tashrif chog`ida Shavkat Mirziyoev kompaniyalar rahbarlari bilan muloqot qildi, yangi texnologik echimlarning taqdimotlari bilan tanishdi.
O`zbekistonda to`qimachilikni rivojlantirish bo`yicha qo`shma dasturlarni yo`lga qo`yish, yangi kooperasiya loyihalarini amalga oshirish, to`quv uskunalari va ularning ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, kompaniyalarning vakolatxonalari va dastgohlarga xizmat ko`rsatish markazlarini ochish, texnologlarni tayyorlash dasturini ishlab chiqish, fan va zamonaviy texnologiyalar borasida hamkorlik o`rnatish va boshqa tashabbuslar muhokama qilindi.
Prezidentimiz robototexnika va sun`iy intellektdan foydalangan holda yangi, talab yuqori bo`lgan “super-materiallar” yaratish maqsadida yurtimizda matoga ishlov berish uchun eng zamonaviy uskunalar va innovasion echimlarni joriy qilish istiqbolli ekanini qayd etdi.
Yangi texnologiyalar yuqori qo`shilgan qiymatga ega xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarish, to`qimachilik tarmog`ining eksport salohiyatini oshirishga, uskunalarni ishlab chiqarish bo`yicha loyihalar esa yangi ish o`rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Tanishuv yakunida mutasaddi rahbarlarga O`zbekistonda uskunalarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarini relokasiya qilish va o`quv dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o`rganish topshirildi.