O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 iyun kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Abay viloyati hududida ro`y bergan o`rmon yong`ini oqibatida insonlar halok bo`lgani munosabati bilan Prezident Qasim-Jomart Toqaev va qardosh Qozog`iston xalqiga chuqur hamdardlik va dalda so`zlarini izhor etdi. Tabiiy ofatga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etishda O`zbekiston barcha zarur yordamni ko`rsatishga tayyor ekani ta`kidlandi.
Prezidentlar O`zbekiston bilan Qozog`iston o`rtasidagi yaxshi qo`shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ham muhokama qildilar.
Savdo, sanoat, energetika, transport, qishloq xo`jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperasiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida e`tibor qaratildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.