1

Qiz uzatish, kelin tushirishning 10 muhim qoidasi

SUG'DIYONA 12.10.2016, 14:19
Teglar: Ayol, Ona, Ota, Ota-ona, Oila
Qiz uzatish, kelin tushirishning 10 muhim qoidasi

Baxtli ayol ekanligingiz rost. Taqdir dunyodagi qancha yaxshi ayollar qolib, sizga shu munisa qizni dunyoga keltirish baxtini muyassar qilibdi. Taxtli ayol ekaningiz haqiqat, dunyoda qancha oilalar o`g`illarni tilab turgan paytda, Yaratgan sizni pahlavon bilan siylabdi. Qizingizni pokiza voyaga etkazdingiz, edirib-ichirdingiz, har qadamida sherik bo`ldingiz, bilganlaringizni o`rgatib, xatolarini ko`rsatdingiz. O`g`lingizga o`zingizdan ko`ra ko`prog`ini berishga va ko`rsatishga urindingiz, unga atab uy qurdingiz, tole`ini tilab o`y surdingiz. Endi ular patlari patila polaponga o`xshab, uchirmaga tayyorlanayapti. O`g`lingizu qizingiz oliy ma`lumotli bo`lishi mumkin, biroq hayot maktabi oldida hali ularning hech qancha tajriba va bilimi yo`q. Shuning uchun ham tanlovda yordamlashish sizning birinchi vazifangiz. Shuncha yigit-qiz orasidan bolangizga munosibini qanday saralab olasiz, shu haqda gaplashamiz.

1-qoida. Avvalo o`z oilangizning ijtimoiy, moddiy jihatlarini taftish qilib oling.

Qiz uzatayotganga: deylik, sizning oilangiz ziyolilar oilasi, yoki bo`lmasa moddiy ta`minoti o`rtahol. Orzu-havasni o`ylamang, o`zingizga, qizingizga aniq baho bering. Albatta, hamma ham bolasini o`zinikidan ham yaxshiroq oilaga bergisi, qudalari el-yurt ichida obro` topgan bo`lishini istaydi. Ammo ajrashishlarga olib keladigan juda ko`p vaziyat imkoniyatlarning teng darajada emasligidan kelib chiqadi.

Qizingiz o`qishda a`lo baholarga o`qiyotgan bo`lsa-yu, qudalaringiz kontrakt to`lash mashaqqatiyu bilim olish mohiyatidan bexabar bo`lsa, uni hatto o`qishga jo`natmay qo`yishlari mumkin. Yo o`qishni bitirgandan so`ng bir kun ham ishlatmaslik ehtimoli bor. «Voy, sizdan hech narsa kerakmas» degan qudangiz 10 ta tog`orasiga oshirib javob qaytarmaganingiz uchun qizingizni ko`zini ochirmay qo`yganida, «Tengimizga bersak bo`larkan», deb attang qilib qolmang. Sovchilar kelganida, «Dadamiz undoq, qizimiz bundoq», deb maqtovga berilmang, ularni diqqat bilan tinglab, jur`at bilan solishtirib ko`ring.

Kelin tushirayotganga: sovchilikka kelganingizda sizda kelin bo`lmishning uy-joyi, turish-turmushi, dasturxoni haqida aniq tasavvur hosil bo`ladi. Ko`nglingiz to`lmayotgan ekan, siz uchun bular alohida ahamiyatga ega ekan, avvalboshdanoq ikkilanmang. Chunki ichki noroziligingiz oxir bir kun nizolarga sabab bo`lishi mumkin. Agar bolangiz o`qigan, ishlayotgan bo`lsa-yu, qiz hali hech birini mukammaliga etmagan bo`lsa, o`ylab ko`ring. Sizning yana bir farzandga investisiya kiritishga, uning oyoqqa turishini kutishga qurbingiz va sabringiz etadimi? Agar keliningiz uyda o`tirib, yumushlaringizni qilishi, sizga nabira tug`ib, avlodingizni davom ettirishi muhimroq bo`lsa, niyatingizni boshidan ayon qiling. O`g`lingizning yoniga kirib, ham oilada, ham jamiyatda sizga rohat va obro` olib keladigan kelin tushirishni istasangiz, unda ana shunday maqsadi bor qizni izlang. Unutmang, va`dalarni hamma qudalar beradi, faqat yaxshi va mard insonlargina so`zining ustidan chiqadi.

2-qoida. Ish joyi, hunari, ma`lumoti aniq bo`lmagan kuyovga qiz bermang/kelin olmang.

Qiz uzatayotganga: bir yil o`tmay qizingiz bolasi uchun kasha, pampers, dori so`rab, sizga yig`lamasligi uchun oldindan kuyovning mustaqil oila boshqara olish imkoniyatini o`rganing. «Ertaga katta biznes boshlayman», «Indinga katta idoraga suhbatga borib keladi, ishi aniq bo`lib qoldi» kabi gaplarga ishonmang. Erlarning bir ishning boshini tutmaganligi uchun ham yosh kelinlar norasidasi bilan ota uyiga qaytib keladi. Agar yigit qizingizni sevsa, qudalaringiz eshigingizni qoqaversa, ayting: «Kuyov bo`lmish avval ishga kirsin!»

Kelin tushirayotganga: erkak va ayol moddiy farovonlikka erishish uchun birdek mehnat qilayotgan hozirgi zamonda ayolning ham qo`lida diplomi yoki hunari bo`lsa, oilasining bir turmushi ikki hissa yaxshilanadi. Bir uy xotin uyda o`tirib, kelinlaringiz bir qozonga ovqat solishni sansalor qilib, bir-biri bilan jiqqa musht bo`lganidan ko`ra, ishlab, o`z kamini rostlab yurganiga nima etsin! Hozir qizlar kollejni bitirib, ish joyiga ega bo`lmoqda. Darrov «Ishlaydigan kelin kerakmas» demang, vaqti kelib, koringizga shu kelinlar yarashi bor gap.

3-qoida. Ona, bu — har qanday oiladagi hal qiluvchi kuch.

Kuyov (kelin)ni mahalladan qanchalik surishtirsangiz, uning onasini ham qo`ni-qo`shnilar, hamkasblari orasida qanday o`ringa egaligini o`rganib chiqing. Uyalmang, «Oyilari qanaqa inson?» degan savolga har kim qanday javobni berayotganiga diqqat qiling. Chindan ham maqtovga arzigulik insonni, hatto, eng yomon qo`shni ham yomonga chiqarolmaydi. Ammo biror tuzukroq ta`rif berolmay, «Ha, yaxshi oila, yana surishtirib ko`ring», deb er chizib turishgan bo`lishsa, aql ko`zingizni kattaroq oching. Nafaqat «Onasini ko`rib, qizini ol» maqoli, balki «Onasini ko`rib, qizingni ber», degan gap ham o`z hayotiy isbotlariga ega.

4-qoida. O`g`lingizning (qizingizning) tanlagani bo`lsa ham, sinovdan o`tkazishdan tortinmang.

Qiz uzatayotganga: xuddi boshqa yigitlar kuyovlikka nomzod sifatida qanday talablarni bajarishi kerak bo`lsa, bu yigit ham xuddi shu prinsiplaringizga mos keladimi, yo`qmi, o`ylab ko`ring. Yigitning ko`kragidan itarmang, lekin qizingiz bilan erkin gaplashib yurishiga ham qo`yib bermang. U bilan ochiq suhbatlashing, ko`p gap ochiq muloqotda ayon bo`ladi. «Sevib qolgan yigit»ga oson tutmang, uning qo`ynini puch yong`oqqa to`ldirmang, bo`ladigan ish bo`lsa, bu haqda qat`iy inkor qaror qabul qilsangiz ham, uni aytishni cho`zib o`tirmang. Mujmal takliflar bilan kelgan «sevib qolgan yigitning sovchilari»ni kutib, qizining umrini o`tkazgan qancha ota-onalar bor yoki «Xo`p yigitcha, opangiz uzatilsa, o`ylab ko`ramiz», deb va`da berib, shartta qizini boshqasiga unashtirib qo`yadiganlar ham oramizda ko`p. Qizingizning ko`ngliga ham quloq soling, agar u tanlovda tajribasizlik qilgan bo`lsa, baqir-chaqir qilmasdan nima uchun rozi bo`lmayotganingizni qulog`iga quyib boring. Ana shunda kuyoviga ko`ngli bo`lmay uzatilgan qiz turmushning birinchi mushti tushgandayoq, hammasiga sizni ayblab, to`rvasini yig`ishtirishga tushmaydi.

Kelin tushirayotganga: bolangizning royishini qaytarmang, ko`pincha onalar o`g`li sevib qolgan qizning uyiga borib, o`zini notabiiy tutadi, yalinib o`tirmayman, degandek muomala qiladi. Oilaviy hayotni lotoreya deydigan bo`lsak, agar o`zi tanlamagan bo`lganda ham, siz topib bergan qizning ham qancha kamchiligi bo`lishi mumkin edi-ku! Shu haqda o`ylang, agar rostan ham bu oiladagi muammolarni aniq ko`rayotgan bo`lsangiz, farzandingizga tushuntiring, unga boshqa qizlarni ko`rsating. Solishtirish orqali echimni o`zgartirishi mumkin.

5-qoida. Shoshilmang!

Qiz uzatayotganga: qizlarning sovchisi bosib keladigan bir payt bo`lishi haqiqat, biroq bu payt 17 yosh emasligini yoddan chiqarmang! Singlingiz qizini chiqarmasidan oldin siz ham bolangizni uzatishingiz shart emas! Tanlovda adashmaslik, qizingizni qiynab qo`ymaslik uchun ham to`yga shoshilmang. «Bundan yaxshisi kelmasligi mumkin», deya qaror chiqarmang. Uyni tozalash, ovqat pishirish, muomalaga kirishishini, salomatligini tekshiring. Xom-xatala mevalardan kompot yopsangiz, otib yuboradi-ku, bolangizning ham oilaga tayyor-tayyor emasligini zimdan kuzating.

Kelin tushirayotganga: o`g`il bolalar uylanish yoshiga etganida, qiz tanlashda shoshib qoladi. Birinchi uchrashuvga chiqqan qizi eng yaxshisidek tasavvur uyg`otadi. Shunday ekan, tanlovni etti o`lchab, bir kesish bilan amalga oshiring. Eng muhimi, sizning qiz chiqaruvchidan bir ustunligingiz bor, o`g`il bolalarda yosh bilan bog`liq muammo yo`q, shuningdek, qaerga sovchilikka borish va kimni so`rashni o`zingiz hal qilasiz. Bolangizning orzu-havaslariga uchib, yoshgina qizni kelin qilishga shoshilmang. Ayolning itoatli bo`lishiga yoshning ahamiyati yo`qligini tushuntiring. Yana bir muhim jihat, o`zingizga savol berib ko`ring: o`g`lingiz uylanishga tayyormi? Uyga har kuni hech bo`lmaganda 4 ta issiq non ko`tarib kelishni, vaqti bemahal ota-onasiga moddiy ko`mak berishni odat qildimi? Oilaviy suhbatlarda erkin va mustaqil fikriga egami? Odamlar, ayollar bilan munosabatga kirishayotganda bosiqlik bilan murojaat qilayaptimi? Javobingizning ijobiy bo`lsa, uning nomini aytib sovchilikka yuravering.

6-qoida. Oilada qancha farzand ekanligi baxtni belgilamaydi.

Oxirgi paytlarda «Bolasi kam oilalarga qiz beraman (kelin olaman)» deyuvchilar ko`payib ketdi. Qizingiz (o`g`lingiz)ning baxtini qarindoshlarning nechtaligi belgilamaydi. Yolg`iz o`g`ilga tegib turib ham, qaynonasining tilini topolmay, orqaga qaytganlar qancha. Katta dargohga kelin bo`lib ham, hayotidan mamnun yashayotganlar son mingta. Yoki bo`lmasa, «Yolg`iz qiz bo`lsa, topgan-tutganini menikiga tashlaydi», deb o`ylasangiz, umuman qizining hayotiga moddiy ko`mak bermaydigan qudalar ham talaygina. Rizq-nasiba, uy-joy kabilarni atrofdagilar kimdir qilib berishi haqida o`ylamang. Agar qizingiz (keliningiz) va kuyovingiz (o`g`lingiz) mehnat, bilimdan qanday foydalanishni yaxshi bilsa, oila a`zolarining sonining ko`pligi ularni baxtli yoki alohida yashashiga to`sqinlik qilmaydi.

7-qoida. Qizingiz (o`g`lingiz)ning orzulari bilan hisoblashing.

Agar ular o`qimoqchi, biror ish boshlamoqchi bo`lsa, uning orzu-niyatlarini bo`g`mang. Yordam bering, ko`maklashing, uning maqsadlaridan qudalaringizni ham ogohlantiring. «Yoshing o`tib ketadi», deb qizni ilm yo`lidan borishiga, «Ayol boshing bilan sex ochasanmi?» deb tadbirkorlik qilishiga to`sqinlik qilmang. O`g`illaringiz kabi qizingiz ham nafaqat o`zining, balki sizning ham kelajagingizdir. Shuning uchun ham farzandlaringizga bepisandlik bilan qarab, faqat tezroq egasiga topshirib olish yoki uylantirib qo`yish haqida o`ylamang. Nikoh yulduzi osmondan tushguncha yigit ham, qiz ham o`zini tiklab olsin, jamiyatda qaddini rostlasin.

8-qoida. Qiz uzatayotganda, kelin tushirayotganda ta`ma va ta`nani yig`ishtirib qo`ying.

Qiz uzatayotganga: agar siz «Kuyov tomon qalin puli kam berdi», «To`yni yaxshi joyda qilib bermadi», «Qo`ygan sarposidan uyaldim»kabi gaplarga o`ralashsangiz, qizingiz o`sha kayfiyatda yangi uyga kirib boradi va avvaldan negativ xulosalar bilan hayotini boshlaydi. So`ng bir kun bu gaplarning hammasi qizingizning tilidan chiqib, quda taraf qulog`iga etadi. Siz kamchiliklarga ko`zingizni yuming, qudangiz ham sizning kam-ko`stingizga ko`nsa ajabmas.

Kelin tushirayotganga: tarixdan ma`lum, manaman degan qudadan qiz olsangiz ham, qiz tomon ko`nglingizdek  uyingizni to`ldirib, istaganingizdek ko`nglingizga yo`l topolmasligi aniq. Axir imkoniyat va did, qarashlar va qadriyatlarni hamma o`zicha tushunadi va baholaydi. Qaynonachilik, qudachilik shunisi bilan qiziq-da. Kelin tomon ham nimani qoyillatib, nimada sust bo`lganini o`zi yaxshi biladi, shuni tilga chiqarmasangiz, keliningiz sizni ichdan yaxshi ko`radi, qudangizning hurmati oshadi.

9-qoida. Ideali topilmasligi aniq, biroq yaxshi oilani qidirsangiz, albatta, topasiz.

Qiz uzatayotganga: yaqinda bir qizning onasi «Bir yigit va uning oilasi juda ko`nglimga o`tirishadi, agar o`shalar so`rab kelsa, albatta qizimni berardim, afsuski, bizda qiz tomondan borib bo`lmaydi» deganini eshitib qoldim. Ko`plab davlatlarda qiz tomon ham sovchilik qilib, so`rab borishi milliy qadriyatdir, hatto dinimiz tarixida ham bunday holatlar bo`lgan. Shunday ekan, yaxshi oila ekaniga ishonch hosil qilsangiz, o`rtaga xolis bir kishini guvoh qilishingiz, ishni ijobiy hal etishingizning hech bir nojoiz tomoni yo`q, nazarimizda.

Kelin tushirayotganga: qiz qidirayotganingizni hammaga xabarlang, qarindosh-urug`lardan yordam so`rang, to`y-hasham, marosimlarda qizlarning o`zini tutishi, muomalasini kuzatib boring, ana shunda vaqtni besamar o`tkazmagan bo`lasiz. O`g`lingizni uylantirishga etarli mablag` to`plab, aniq reja tuzgan chog`ingizda shoshib qolmaysiz. Oilalarni solishtirish, qizlarni taqqoslashga imkoningiz bo`ladi.

10-qoida. Maslahatli osh tarqamas.

Har bir oilaning o`z qarashlari, qat`iy talablari bo`ladi. Masalan, kimdir san`atkorga qiz bermayman, otasi bo`lmagan oilaga quda bo`lmayman, sevganiga uzatmayman, deb oldindan chegarani aniq chizib qo`yadi. Biroq hayot, bu — yozilmagan ssenariy, kulminasiyasi va yakuni qanday bo`lishini hech kim bilmaydi. Kutilmaganda o`zingiz istamagan vaziyatga ro`baru bo`lib qolasiz. Shunday vaziyatlarda oilaning kattalari maslahatiga quloq tuting, ko`pchilikning fikrini o`rganishdan erinmang. Ular sizga bir echimni ko`rsatib berishi aniq.

Aziza QURBONOVA

 

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1