AsosiySiyosat

O`zbekiston Eron bilan innovasiyalar, sun`iy intellekt, nanotexnologiyalar, kibernetika, texnologiyalar transferi kabi sohalarda hamkorlik qiladi

'O`zbekiston Eron bilan innovasiyalar, sun`iy intellekt, nanotexnologiyalar, kibernetika, texnologiyalar transferi kabi sohalarda hamkorlik qiladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Xalqlarimiz o`rtasidagi azaliy madaniy-tarixiy aloqalar O`zbekiston-Eron munosabatlarini rivojlantirish uchun mustahkam asos bo`lib xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Shu munosabat bilan O`zbekiston rahbarining Eronga tashrifi ikki tomonlama aloqalarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga ko`tarishga qaratilgan.

Prezidentlar tor doiradagi uchrashuv yakunlarini yuqori baholadilar hamda kuni kecha O`zbekiston va Erondan 200 nafardan ziyod tadbirkorlar ishtirokida o`tgan biznes-forum natijalarini olqishladilar.

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o`rtasida konstruktiv muloqot va parlamentlarimiz o`rtasida yaqin hamkorlik olib borilayotgani ta`kidlandi.

Savdo-iqtisodiy sohada o`zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani kuzatilmoqda. Mamlakatlarimizning transport-tranzit kommunikasiyalaridan foydalanishni kengaytirish ishbilarmonlik aloqalarining faollashishi va yuk tashishlarning ortishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Innovasiyalar, sun`iy intellekt, nanotexnologiyalar, kibernetika, texnologiyalar transferi kabi sohalarda tajriba almashish muhimligi qayd etildi.

Hududlararo hamkorlik rivojlanayotgani, jumladan, Buxoro viloyati va Hamadon ustoni, Samarqand va Isfaxon shaharlari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalar o`rnatilayotgani qo`llab-quvvatlandi.

Ikki mamlakat poytaxtlari o`rtasidagi muntazam aviaqatnovlarning ko`payishi ishbilarmonlik aloqalari va o`zaro sayyohlar oqimining ko`payishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida O`zbekiston Fanlar akademiyasi fondlarida saqlanayotgan qadimgi qo`lyozmalarni chuqur o`rganish uchun qo`shma ilmiy guruh tuzishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari bir qator qo`shma “yo`l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini joriy qilish bo`yicha topshiriq berdilar.

    Boshqa yangiliklar