1

O`zbekistonning Rossiya bilan gaz bo`yicha tuzilgan shartnoma tafsilotlari ochiqlandi

Iqtisodiyot 19.06.2023, 11:51
O`zbekistonning Rossiya bilan gaz bo`yicha tuzilgan shartnoma tafsilotlari ochiqlandi

Avval ma`lum qilinganidek, joriy yilning 16 iyun kuni XXVI Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiya gazini O`zbekistonga etkazib berish bo`yicha shartnoma hamda respublikamiz gaz-transport tizimini ushbu gazni qabul qilishga tayyorlash bo`yicha “yo`l xaritasi” imzolangan edi.

Gaz oldi-sotdisi bo`yicha shartnoma «UzGastrade» AJ va “Gazprom eksport” MChJ o`rtasida 2 yil muddatga tuzilgan bo`lib, uni ishonchnoma asosida O`zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va «Gazprom» OAJ boshqaruvi raisi A.Miller imzolaganlar.

Ayni paytda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, shartnoma to`liq tijoriy shartlarda ishlab chiqilib, respublikamiz iste`molchilarining tabiiy gazga bo`lgan yildan-yilga oshib borayotgan ehtiyojini qisman qondirish hamda kuz-qish mavsumini betalafot o`tkazishga qaratilgan chora-tadbirlardan biridir. Shartnoma doirasida joriy yilning 1 oktyabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi mo`ljallanmoqda. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi.

Tabiiy gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikamizdagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish bo`yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelishilgan.

Yuqorida ko`rsatilgan “yo`l xaritasi”ga muvofiq, avval tabiiy gaz “O`rta Osiyo – Markaz” magistral gaz quvuri orqali Qozog`istondan tranzit bilan Rossiyaga yuborilganligi va endilikda gazning revers rejimida (teskari oqimda) O`zbekistonga etkazilishini, shuningdek, respublikamiz hududida yangi gaz o`lchash stansiyasi qurilishini hisobga olgan holda, belgilangan tadbirlarni joriy yilning sentyabr oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Jumladan, “yo`l xaritasi” doirasida respublikamiz gaz-transport tizimidagi 3 ta gaz haydash uskunasi yangilariga almashtiriladi va 11 ta turli rusumdagi gaz haydash uskunasida mukammal ta`mirlash hamda tiklash ishlari bajariladi. 22 kilometrlik yangi magistral gaz quvurlari quriladi va 56 kilometrlik gaz quvurlari ta`mirlanadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1