AsosiyHi-tech

Tez orada telegramda stories'lar qo`yish mumkin bo`ladi

'Tez orada telegramda stories'lar qo`yish mumkin bo`ladi'ning rasmi

Iyul oyi boshlarida Telegram messenjerida yangi funksiya – Stories'lar (hikoyalar) paydo bo`ladi. Ilova asoschisi Pavel Durovning aytishicha, bu bilan tarmoq yanada ijtimoiylashadi. U storis funksionali boshqa tarmoqlardan qolishmaydigan bo`lishini aytdi.

Durovning so`zlariga ko`ra, ko`p yillar davomida foydalanuvchilardan kelgan so`rovlarning yarmidan ko`pi “Hikoyalar” bilan bog`liq bo`lgan.

“Dastlab, biz bunga qarshi edik, chunki “Hikoyalar” – Stories allaqachon hamma joyda bor. Biroq, agar biz foydalanuvchilarni tinglamaganimizda va mavjud formatlarda yangilik kiritmaganimizda, Telegram – Telegram bo`lmas edi. Shunday qilib, biz tez orada Telegram'da Stories'ni ishga tushiramiz”, – deya e`lon qildi messenjer asoschisi.

Ma`lum bo`lishicha, yangi funksiya chatlar ro`yxatining yuqori qismida joylashadi. Shuningdek, hikoyalarning maxfiyligi saqlanadi: siz storisni kim ko`rishini o`zingiz hal qilasiz, boshqalarning storislarini ham yashirib qo`yishingiz mumkin.

Bundan tashqari, storisda mashhur ijtimoiy tarmoqlar kabi foto va videolarni tahrirlash, ular ustiga yozish va boshqalarni belgilash imkoni bo`ladi. Kameradan foydalanishda esa Telegram videoxabarlari kabi ikkita kamerani qo`llab-quvvatlash xizmati bo`ladi.

Hikoyaning profilda qolish muddatini ham foydalanuvchining o`zi belgilaydi: hikoya 6, 12, 24 yoki 48 soatda tugashini yoki doimiy ravishda qolishini tanlash mumkin.

Ishlab chiqaruvchilarga ko`ra, bu funksiya guruh va kanallar egalariga bog`langan, faol foydalanuvchilar haqida ko`proq ma`lumotga ega bo`lish imkoniyatini beradi.

Durov bu yangilik Telegram'da yangi davr boshlanganidan xabar berishini aytib, ilova yanada ijtimoiyroq bo`lishini bildirgan.

Shuningdek, Pavel yana bir bor asosiy raqobatchisi – WhatsApp ularga taqlid qilishda davom etayotganiga ishora qilgan.

“Biz bu taqlidni iltifot sifatida qabul qilamiz – bu bizning etakchilik qilayotganimizni ko`rsatadi. Raqobatchilarimiz etib olishga harakat qilishsada, biz yuqori sifatli xususiyatlarni joriy etishda davom etamiz”, – deya izohlagan Pavel Durov ilovadagi yangilanishlarni.

    Boshqa yangiliklar