1

Toshkentda “Turkiston avangardi: makon va zamon oralig‘ida” ko‘rgazmasi ish boshladi

Madaniyat 04.07.2023, 22:30
Toshkentda “Turkiston avangardi: makon va zamon oralig‘ida” ko‘rgazmasi ish boshladi

O`zbekistonda madaniy meros haftaligi doirasida Tasviriy san`at galereyasida “Turkiston avangardi: makon va zamon oralig`ida” ko`rgazmasi ish boshladi.

O`zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, O`zbekiston  madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqovlar mehmonlar va ishtirokchilarni qutlashdi. 

So`zga chiqqanlar bugungi kunda O`zbekistonda Uchinchi Renessans davri poydevori yaratilayotgani, madaniq meros nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham tobora ommalashib, e`tirof etilayotganini ta`kidlashdi.

Ko`rgazma doirasida Savitskiy nomidagi Davlat san`at muzeyi (Qoraqalpog`iston) kolleksiyasidan avangard rassomlarning asarlari Toshkentga olib kelindi.

“Ko`rgazmaga 14 muallifning 80 dan ortiq suratlarini olib keldik. Ular orasida ushbu yo`nalishning etakchi ustalari - O`ral Tansiqboev, Aleksandr Volkov, Zinaida Kovalevskaya, Nikolay Karaxan va boshqa ko`plab rassomlarning ijod namunalari mavjud. O`ylaymanki, ushbu ko`rgazma O`zbekiston  madaniy merosining keng va rang-barangligini yana bir bor namoyon etadi”, – dedi Savitskiy nomidagi Qoraqalpog`iston Davlat san`at muzeyi direktori Tigran Mkrtichev.

O`zbekiston  Tasviriy san`at galereyasi direktori Kamola Akilova taqdim etilgan ko`rgazmaning o`ziga xosligi haqida gapirar ekan, “Madaniy meros” haftaligi doirasida ochilgan barcha ko`rgazmalar O`zbekiston  madaniyati boyligini namoyish etishini alohida ta`kidladi.

“Saviskiy muzeyi, juda noyobligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Uning rivojlanishiga ushbu muzeyning birinchi direktori, asoschisi Igor Savitskiy katta hissa qo`shgan. Nega bugun Turkiston avangardi mavzusiga to`xtalamiz? Chunki 1920 yillarning avangardi dunyoni o`zgartirishga, ba`zi yangi talqinli motivlar, syujetlar va uslublarni joriy etishga qaratilgan san`atdir. Albatta, bu biz uchun dolzarb, chunki hozir O`zbekistonda ulkan o`zgarishlar bo`lmoqda, barcha sohalarni modernizasiya qilish ishlari olib borilmoqda. Va, albatta, bu madaniyat va san`atda o`z ifodasini topadi. Albatta, bu xorijlik mehmonlarda ham, jamoatchiligimizda ham katta qiziqish uyg`otadi”, - dedi Kamola Akilova. - “Turkiston avangardi: makon va zamon oralig`ida” ko`rgazmasi Temuriylar muzeyi va O`zbekiston  tarixi davlat muzeyida Madaniy meros haftaligi doirasida ochilgan ikki ko`rgazmani mantiqan davom ettiradi va to`ldiradi. Bu tadbirlar butun dunyoda hayratga soladigan O`zbekistonning serqirra, o`ziga xos va betakror madaniyatini namoyish etadi”.

Turkiya Fanlar akademiyasi prezidenti maslahatchisi Jem Korkut ham O`zbekiston, ham Turkiya madaniy merosini o`rganish va asrab-avaylashda xalqaro hamkorlik muhimligini ta`kidladi. U davom etayotgan tadbirni mamlakatlar o`rtasidagi madaniy almashinuv uchun muhim tadbir deb atadi.

“O`zbekiston madaniy merosi haftaligi barcha turkiyzabon va islom mamlakatlari uchun muhim voqea, chunki O`zbekiston  merosi, uning tarixi bizga yaqin va butun insoniyat uchun muhim ahamiyatga ega. O`zbekistonga so`nggi tashrifimdan keyin to`rt yil davomida hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o`zgarishlar, jumladan, madaniyatimiz, o`tmishimizga e`tibor kuchayganini mamnuniyat bilan aytishim mumkin. Ishonchim komilki, O`zbekiston  bu bilan to`xtab qolmaydi va o`zining ulug`vorligi bilan dunyoni lol qoldiradi”, — dedi Jem Korkut.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1