O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 iyul kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligining kuzatuvchilar missiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo`lib turgan ushbu tashkilot bosh kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida MDH bosh kotibi davlatimiz rahbarini O`zbekiston Prezidenti saylovida qozongan ishonchli g`alabasi bilan samimiy tabriklab, unga baxt-saodat, mamlakatimiz barqaror taraqqiyoti va ravnaqini ta`minlash yo`lida muvaffaqiyatlar tiladi.
Saylov xalqaro standartlarga to`liq mos holda o`tgani qayd etildi.
Saylovchilar ishtirokining yuqori darajasi hamda ovoz berish natijalari aholi amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini keng qo`llab-quvvatlayotgani va unga ishonishidan dalolat ekani alohida ta`kidlandi.
MDH doirasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Keyingi yillarda O`zbekiston Hamdo`stlikning 40 dan ziyod bitimlarini imzoladi, 24 ta sohaviy organlariga qo`shildi. Kuni kecha Toshkentda MDHga a`zo davlatlar saylov komissiyalari rahbarlari maslahat kengashining birinchi yig`ilishi o`tkazildi.
Uchrashuvda ko`p tomonlama sheriklikni kengaytirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.