O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Arab Amirliklari Vise-prezidenti shayx Mansur Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqotida keng ko`lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, Amirliklarning etakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investisiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shayx Mansur Ol Nahayon O`zbekiston rahbarini bo`lib o`tgan saylovdagi ishonchli g`alabasi bilan dildan qutlab, xalqimizga farovonlik va ravnaq tiladi. BAA Prezidenti shayx Muhammad Ol Nahayonning tabrigi va eng ezgu tilaklarini ham etkazdi.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi. Tovar ayirboshlashning o`sish sur`ati, qo`shma korxonalar hamda ikki mamlakat o`rtasidagi aviaqatnovlar soni ortayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bugungi kunda investisiya loyihalari portfeli 4 milliard dollardan oshib, «yashil» energetika, qishloq xo`jaligi, transport va logistika, turizm infratuzilmasi va boshqa yo`nalishlarni qamrab olgan.
BAA tomoni O`zbekiston Respublikasi hududida ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni amalga oshirishda ham texnik ko`mak ko`rsatib kelmoqda.
Suhbat davomida oliy darajadagi faol muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va gumanitar hamkorlikning yirik loyihalarini ilgari surish muhim ekani alohida ta`kidlandi.