AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so`zladi

'Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so`zladi'ning rasmi

19 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari boshlandi. Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.

Sessiya raisi Dennis Frensis boshchiligida o`tayotgan munozaralarning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, a`zo mamlakatlar etakchilari – Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Luis Inasiu Da Silva, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va boshqa davlatlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o`z nutqida hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo`ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligini qayd etdi.

– Biz o`tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas`uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat, – dedi O`zbekiston etakchisi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yilda Kelajak sammiti o`tkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotning ta`siri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.  

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O`zbekistonda amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus olgan keng ko`lamli islohotlarga alohida to`xtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar echimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

– Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo`lmish Yangi O`zbekistonni barpo etish siyosatini qat`iy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g`oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo`lidan dadil ilgari bormoqda, – dedi Prezidentimiz. 

O`zbekistonda yangilangan Konstitusiya bo`yicha o`tkazilgan umumxalq referendumi milliy taraqqiyotimizning ustuvor yo`nalishlarini belgilab bergani qayd etildi. Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat`i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so`z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqat yana bir bor tasdiqlandi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan “O`zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg`undir.

O`zbekiston Prezidenti mamlakatimiz global tahdidlarga qaramasdan, barqaror o`sish sur`atlarini namoyon etayotganini ta`kidladi. So`nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko`paydi. Bosh maqsadi – 2030 yilga qadar bu ko`rsatkichni yana 2 barobarga oshirishdir. 

Iqtisodiyotimizni liberallashtirish yo`lidagi yana bir ustuvor vazifa – yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to`laqonli a`zo bo`lish. 

Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag`allik ikki barobarga kamaydi. 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilingan.

– Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o`rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qo`llab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo`l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o`tkazishni taklif etaman, – dedi O`zbekiston etakchisi.

Yig`ilish ishtirokchilarining e`tibori mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, majburiy va bolalar mehnatiga to`liq barham berish borasida erishilgan natijalarga qaratildi.

– Bir asr mobaynida O`zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o`qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o`quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida o`zbek paxtasiga boykotlar e`lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro`yxat”larga kiritilgan edi. Qat`iy irodamiz tufayli endi bularning barchasi o`tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo`ldi, – dedi davlatimiz rahbari. 

Prezidentimiz ta`kidlaganidek, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O`zbekiston o`z oldiga qo`ygan strategik vazifalardan biridir. 

Keyingi yillarda bu borada katta tajriba to`plandi – ta`lim tizimi tubdan o`zgarmoqda. O`tgan olti yilda maktabgacha ta`limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta`limda esa 9 foizdan 38 foizga etdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog`chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o`quvchining biri esa oliygohda o`qishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Davlatimiz rahbari O`zbekiston bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qo`shnichilik, barqarorlik, o`zaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yo`lidan qat`iy borishini qayd etdi. 

Yurtimiz va barcha qo`shnilarimiz birgalikdagi sa`y-harakatlar tufayli davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo`yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo`ldi.

Mintaqa davlatlari o`rtasida o`zaro savdo ikki yarim barobardan ziyod, qo`shma korxonalar soni esa besh marta o`sdi. Mintaqamiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va G`arbni, Shimol va Janubni bog`laydigan transport-kommunikasiya ko`prigiga aylanib, unga qiziqish tobora ortib bormoqda.

– Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy o`ziga xoslikni anglash tuyg`usi birlashtirmoqda va bu tuyg`u tobora kuchayib bormoqda, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo`limiz yo`q va bo`lishi ham mumkin emas!   

Xalqaro hamjamiyatning qo`llovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yo`lidan borishda davom etishiga ishonch bildirildi. Uni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O`zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo`lib qoladi.

Aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo`lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro`yobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi.

O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo`nalishlari haqidagi bitim imzolandi.

Bu sohada Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o`rnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko`maklashish bo`yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasi sifatida qayd etildi.

– Milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta`minlashdan iborat, – dedi O`zbekiston etakchisi. 

Mamlakatimiz “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligi ta`kidlanib, birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro`yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O`zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o`tkazish taklif qilindi.

Hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilib, sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, ya`ni iqlim o`zgarishi, bioxilma-xillik yo`qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib borayotganini qayd etib, Prezidentimiz Markaziy Osiyo iqlim o`zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganini ko`rsatib o`tdi.

O`zbekiston tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo`lida ko`rilayotgan choralar, mintaqamizdagi iqlim o`zgarishining salbiy ta`siri va suv bilan ta`minlanganlik darajasining kamayish tendensiyalari to`g`risidagi ma`lumotlar keltirildi. 

Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo`yicha maxsus vakili lavozimi ta`sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo`lga qo`yilishi qo`llab-quvvatlandi.

– Bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo`lida hamjihatlik” rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz.

Uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda bo`lib o`tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etamiz, – dedi O`zbekiston Prezidenti.

O`zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim o`zgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish strategik vazifa bo`lib qolishi ta`kidlandi. 

Davlatimiz rahbari ekstremizm tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo`l qo`ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni faollashtirishga to`xtalib o`tdi.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo`yicha Milliy strategiyamiz doirasida ilgari ekstremizm g`oyalari ta`sirida bo`lgan shaxslarni sog`lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratilayotgani qayd etildi. Besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasini o`tkazildi, uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalar qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytarildi.

– Xalqaro jamoatchilik joriy yilning iyun oyida mana shu erda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida mamlakatimizga olib kelingan va yangi hayot boshlagan shaxslarning tarixini ularning o`zlaridan eshitdi.

Biz bu yo`nalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yo`lga qo`yish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash bo`yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzishga qaratilgan amaliy qadamlarni tashladik, – dedi Prezident.

Bundan tashqari, so`nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko`zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga yo`l qo`ymaslikka chaqirdi.

Jahon miqyosida dinlararo bag`rikenglik va hamjihatlik g`oyalarini keng targ`ib etish maqsadida O`zbekistonda YuNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag`rikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklif qilindi.

– Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo`shgan, islomni ilm-ma`rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug`bek, Alisher Navoiy singari ulug` alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz, – dedi davlatimiz rahbari. 

Shunday buyuk olimlarning boy merosini o`rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O`zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o`tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Xalqaro xavfsizlik Afg`onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog`liqligi qayd etildi. Ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan bo`lib, u afg`on masalasini hal etishda o`ziga xos yondashuvlarni talab etmoqda. Inkor qilish, yakkalab qo`yish va sanksiyalar qo`llash oddiy afg`on xalqining ahvolini yanada og`irlashtirmoqda.

Afg`on xalqiga insonparvarlik yordami ko`rsatishni susaytirmaslik lozim, degan fikrni bildirib, Prezidentimiz Afg`onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o`tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo`naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

– Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo`shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o`zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg`oniston kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

O`zbekiston Prezidenti BMTning yuksak minbaridan turib dunyo hamjamiyatini Afg`oniston muammosini hal etish yo`lida birlashishga va bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida Afg`oniston bo`yicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozisiyani belgilashga chaqirdi. 

So`zining yakunida davlatimiz rahbari barchamiz hozirgi tarixiy tub burilish pallasida kelgusi avlodlarga sayyoramizni qanday holda qoldirish haqida o`ylashimiz lozimligini qayd etdi: «Mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilishlar va birgalikdagi harakatlar bilan erishish mumkin. Bizga o`zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham ko`proq zarur». 

O`zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari va barcha davlatlar bilan keng ko`lamli va uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirishga tayyor ekani yana bir bor ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar