Davlatimiz rahbariga mazkur yirik loyihalar uchun ishlab chiqilayotgan moliyalashtirish manbalari va xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar haqida axborot berildi.
Avtomagistrallarni loyihalashda zamonaviy transport muhandisligi yechimlaridan foydalanish, intellektual boshqaruv va monitoring tizimlarini joriy etish, harakat xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Taqdimotda Toshkent – Chorvoq va Urganch – Xiva yo‘llarini qurish loyihalarining borishi haqida ham ma’lumot berildi
Shuningdek, Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihasining asosiy parametrlari ko‘rib chiqildi. Birinchi bosqichda 208,4 ming kvadrat metrlik yo‘lovchi terminali, uzunligi 4 kilometrdan bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagini barpo etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, yiliga 20 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, soatiga 30 ta qo‘nish va uchishni ta’minlaydigan infratuzilmani yaratish hamda 169 ta havo kemasi uchun avtoturargoh tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda bo‘lajak aeroport hududida olib borilayotgan loyiha-qidiruv ishlari va kelgusi bosqichlar to‘g‘risida axborot berildi.
Prezidentimiz tomonidan mutasaddilarga loyihalarni texnik va iqtisodiy jihatdan puxta tayyorlash, qurilish ishlarini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish hamda transport infratuzilmasining uzoq muddat barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.






