AsosiyDunyo
5876

O`z o`g`lini 20 yil erto`lada saqlagan ota

Braziliya polisiyachilari San-Paulu shahrida o`tkazgan reydda uylardan biridi erto`lada karavotga zanjirband qilingan erkakni uchratdi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.

Huquq tartibot idoralari xodimlarining taxminiga ko`ra, 36 yoshli Armando di Andradi (Armando de Andrade)ni otasi va o`gay onasi 20 yildan beri erto`lada saqlagan. Uni qutqargan polisiyachilar oyoq va qo`llarining tirnoqlari juda o`sib ketganligini, holdan toyganligini ko`rishgan. Erto`laning oynasi, chirog`i bo`lmagan, poli najas bilan qoplangan.

Polisiya boshlig`i Selso Markiori (Celso Marchiori)ning ma`lumot berishicha, Armando polisiyachilarning savoliga javob berolmagan, hatto ularni tanimagan. Polisiyachilar “Tez yordam” xizmatiga qo`ng`iroq qilgan, ular Armandoni kasalxonaga yotqizgan. “Antisanitar holatdagi, zim-ziyo xonada 20 yil yashashni tasavvur qilish juda qiyin”, dedi Markiori. Andradi 16 yoshida bedarak yo`qolgan. U hamma o`smirlar qatori voyaga etgan, skeytbordga qiziqqan, gitara chalgan. Uning bedarak yo`qolganligi holati bo`yicha so`roq qilingan otasi va o`gay onasi Andradi Braziliyaning boshqa shahriga ko`chib ketganligini, hamma ishi joyidaligini ma`lum qilgan. Qo`shnilarning taxminiga ko`ra, uni ota-onasi spirtli ichimlik iste`mol qilganligi tufayli erto`laga qamab qo`ygan. 

Armandoning otasi Amansio di Andradi (Amancio de Andrade)ning ta`kidlashicha, o`g`li 18 yoshda uydan chiqib ketib, bir hafta ilgari oilasiga qaytgan. O`g`li giyohvandlik moddasi iste`mol qilganligi tufayli uning talabiga ko`ra erto`laga qamab qo`yganligini tan olgan. Polisiya tergov ishlarini boshlab yuborgan. Hozircha Armandoning otasi va o`gay onasi qamoqqa olinmagan. Ammo ularning bu qilig`idan g`azablangan qo`shnilaridan qochib, uylarini tark etgan.

Boshqa yangiliklar